Chiqirchi. Aholi sifatsiz suv quvurlari yorilishidan azob chekmoqda
![Chiqirchi. Aholi sifatsiz suv quvurlari yorilishidan azob chekmoqda](http://static.xabar.uz/crop/6/8/720_460_95_688597001.jpg)
Chiqirchi Yangiariq tuman markazidan ancha yiroqda – Qoraqum etaklarida joylashgan qishloq. Bu yerda toza ichimlik suvining qatrasi tilloga teng. Aholi talabi inobatga olinib, ikki yil muqaddam hududga 15 km uzunlikda suv quvurlari yotqizilgan edi.
- Bu suv quvurlar shu darajada sifatsiz ekanki, bosimga chidamasdan yorilib yotibdi, - deydi Egam ota Bekjonov. – Oldinlari temir quvurlar faqat qish payti muzlab qolgani sabab yorilar edi. Yangilari esa qishin-yozin yorilaverarkan.
- Ba’zan ichimlik suvi 15-20 kunlab tarmoqdan uzib qo‘yiladi. Sababini hech kim bilmaydi. To‘lovlar esa hamisha o‘z vaqtida to‘lab boriladi. Yozda havo Urganchda +45 darajaga ko‘tarilsa, sahroga tutash hudud sanalgan Chiqirchida +50-55 darajaga yetadi. Ana shunday paytda suvsiz qolib ketishni tasavvur qiling, - deydi Reymajon Madrimova.
Tuman kengashi deputati R.Matkarimov qishloqdagi sifatsiz quvurlar va ichimlik suvi ta’minotidagi uzilishlar borasida tegishli mutasaddilarga bir necha marta murojaat qilganini ta’kidlaydi. Ammo natijasiz...
- Mana, siz ko‘rib turgan ko‘chalar suv bilan to‘lib-toshmoqda, - deya arzi hol qiladi O‘g‘iljon Qurbonov. – Bu yerdan ko‘plab yoshullilar mashinani g‘izillatib o‘tishadi. Mavjud muammo ustida bosh qotirish mutasaddilarning xayoliga ham kelmayotgan ko‘rinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter