Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat ramzlariga hurmat shumi?

Davlat ramzlariga hurmat shumi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan haftada mamlakatimizda ichki ishlar xodimlarining kasb bayrami nishonlandi. Sharafli kasb egalari tabriklandi, e’tibor ko‘rsatildi, baxti kulganlari-ku mukofotlarga loyiq ko‘rildi.

Gap bo‘lishi mumkinmas: el tinchligi, yurt osoyishtaligi uchun jonini garovga qo‘yib mehnat qilayotganlar har qancha e’tiborga loyiq.

Bayram kunlari ko‘ngilni biroz xijil qiladigan holat ko‘zga tashlandiki, bu endi tabrik me’yoridan ortgani bilan bog‘liq. Gap ichki ishlar xodimlarining kasb bayrami sharafiga sovg‘a tariqasida chiqarilgan alkogol mahsulotiga yopishtirilgan yorliqqa bog‘liq. Yuqoridagi suratni ko‘rib turibsiz: aroqqa yopishtirilgan yorliqda davlat ramzi — bayroq ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bundan tashqari, unga soha xodimlarining suratlari-da zarb etilibdi.

Har ne kasofatning doyasi ichkilik ekani ma’lum. Buni hatto soha xodimlari takror-takror aytishdan charchamaydi. Albatta, uni ichib dumalab yotgan xodimni ko‘rmadikku-ya, ammo «shayton suvi»ni bu darajada bejab-pardozlab, bayram sharafiga tortiq etilishi sog‘lom aqlga sig‘adimi? Aroq yorlig‘iga davlat ramzini-da naqsh etish-chi?! Davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik qilish — javobgarlikka sabab bo‘lishini mahsulot chiqaruvchilar bilmaydimi?!

Qaytaramiz, soha xodimlariga bayram bahonasida hurmat bajo keltirish ayb emas. Biroq ko‘rsatilayotgan hurmat me’yoridan oshib, hatto davlat ramzini hurmatsizlik qilish darajasiga borilganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring