Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatchilari uchun sovg‘alarni qabul qilish qoidalari joriy etildi

Davlat xizmatchilari uchun sovg‘alarni qabul qilish qoidalari joriy etildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan (ro‘yxat raqami 3425, 13.03.2023 y.) Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga asosan, davlat xizmatchilari tomonidan o‘zlarining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olish taqiqlanadi. Bular jumlasiga davlat xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovg‘alar, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alar kirmaydi.

Davlat xizmatchisi chet elda amalga oshiriladigan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar, shuningdek O‘zbekiston hududida o‘tkaziladigan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘a olishi mumkin.

Bunda sovg‘a:

  • O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari, davlat organining ichki idoraviy hujjatlariga muvofiq bo‘lishi;
  • sovg‘a uni beruvchi tomonidan aniq bir xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan ixtiyoriy taqdim etilgan bo‘lishi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmasligi, xususan davlat xizmatchisining xizmat faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi lozim.

Davlat xizmatchisi chet elda amalga oshiriladigan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar vaqtida sovg‘a berilishini talab qilishi yoki iltimos qilishi kerak emas.

Davlat xizmatchisi sovg‘a beruvchidan uning sovg‘asining qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarni (kassa yoki tovar chekini yoxud boshqa hujjatlarni) so‘rab olishi mumkin.

Davlat xizmatchisiga taqdim etilgan guldasta, oziq-ovqat mahsulotlari (qandolat mahsulotlari va boshqalar), kanselyariya to‘plamlari (taqvim, buklet, ruchka va bloknot) sovg‘a hisoblanmaydi va rasmiylashtirilmaydi.

Xodim xizmat safaridan qaytib kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida davlat organining korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat bo‘linmasiga sovg‘a olinganligi to‘g‘risida hisobotni topshiradi.

Chek yoki kvitansiya mavjud bo‘lmagan taqdirda sovg‘aning qiymati ichki yoki tashqi ekspertiza yordamida aniqlanadi.

Sovg‘aning qiymati BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan taqdirda, u xodimda qoldiriladi. Agarda sovg‘aning qiymati BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lsa, davlat organining balansiga kirim qilinadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.03.2023 yildan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring