Doktor Ischanov «juda uyatli» holatni fosh etdi (video)

Toshkent viloyatidagi tibbiy sayyor qabullarda hayvonlarni tekshiradigan apparatdan odamlarni ko‘rikdan o‘tkazishda foydalanilgani ma’lum qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlarida «Nurafshon TV» tomonidan olingan videolavha namoyish etildi. Unda Toshkent viloyatidagi tuman va shahar tibbiyot birlashmasi rahbarlari tomonidan hududlarda sayyor qabullar o‘tkazilib, aholi oldida hisobot topshirilgani, aniqlangan muammolarni tuman va shahar darajasida manzilli hal qilish choralari ko‘rilayotgani haqida so‘z boradi. Doktor Ischanov ushbu lavha orqali juda uyatli holatni fosh etdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tibbiy sayyor qabullarda bundan 15 yillar avval Xitoyda ishlab chiqarilgan, uy hayvonlarini tekshirish (!) uchun mo‘ljallangan, narxi atigi 200 dollarlik UZI apparatidan foydalanilgan.
«Bu lavhani ko‘rib turib shunaqangi uyalib ketdim, – deydi Ischanov. – 2022 yilda zamonaviy tibbiyotimiz 15 yil avvalgi it va boshqa hayvonlarni tekshiradigan apparatni ishlatib, odamlarni chuqurlashtirgan tekshiruvlardan o‘tkazyapmiz, deb aldashi nima bu? Qanaqa loxotron bu? Dunyoda hozir qanaqa UZI apparatlari chiqib ketdi, sizlar bo‘lsa 15 yil avvalgisini ishlatyapsizlar, uyam odamlar uchun chiqarilgan bo‘lsa mayliydi...»
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, davlatimiz odamlarni tekshirishda hayvonlarning eski UZI apparatini ishlatadigan darajada kambag‘al emas, allaqachon qimmat, so‘nggi rusumdagi jihozlar uchun pul ham ajratilgan, olib ham berilgan. Ammo ular qaysidir omborxonalarda yotibdi...
«Xafa bo‘lishniyam, yig‘lashniyam, kulishniyam bilmaydi odam», deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter