Endi davlat mulkini o‘marganlar haqida xabar berganlarga pul beriladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga moliya vazirining «Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to‘g‘risida xabar bergan jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqlash haqidagi buyrug‘i muhokamaga qo‘yildi.
Nizomga muvofiq davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklariga: davlat moliyaviy nazorati ob’yektlarida qonunchilikka xilof ravishda mablag‘larning va tovar-moddiy qiymatliklarning kamomadiga, o‘zlashtirishga, talon-torojliklarga yo‘l qo‘yilishi holatlari kiritilgan.
Qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga u(lar)ning xabarlari asosida belgilangan tartibda davlat moliyaviy nazorati tadbirlari o‘tkaziladi.
Rag‘batlantirish davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan bir martalik pul mukofoti shaklida belgilanadi. Xabarlarni yuborgan jismoniy shaxslar ixtiyoriy ravishda rahbatlantirishdan voz kechishi mumkin.
Murojaat qilish tartibi
Qoidabuzarlik haqidagi xabar jismoniy shaxslar tomonidan yagona identifikatsiya tizimida (One ID) ro‘yxatdan o‘tgan holda dasturiy kompleks orqali yuboriladi.
Qoidabuzarliklar batafsil bayon etilishi, jumladan qoidabuzarlik yo‘nalishi yoki turi, qoidabuzarliklar sodir etilgan nazorat ob’yektining joylashgan aniq manzili hamda qoidabuzarliklarga taalluqli boshqa tegishli ma’lumotlar kiritilishi lozim.
Xabarlar qabul qilinganligi, ko‘rib chiqish jarayoni, yakuniy natijasi yoki rad etilganligi to‘g‘risida qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslar yozma elektron ko‘rinishda xabardor qilinadi.
Fuqarolar yuborgan xabar Inspeksiya tomonidan besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi hamda qabul qilingan qaror natijasi nazorat tadbiri o‘tkazish yoki rad etish dasturiy kompleksga joylashtiriladi.
Qoidabuzarliklar sodir etilgan nazorat ob’yektida Inspeksiya tomonidan uch oygacha bo‘lgan muddatda davlat moliyaviy nazorati tadbiri o‘tkazilishi lozim.
Qanday rag‘batlantiriladi?
- Qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
- qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
- qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
- qoidabuzarliklar summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari va undan ortiq bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida.
Qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar bir nafardan ortiq bo‘lgan holatlarda rag‘batlantirish summasi ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Mablag‘lar to‘liq undirilgan kundan boshlab besh ish kunida mukofot pulini qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga naqd pulsiz ko‘rinishda, ya’ni ularning bank plastik kartasiga o‘tkazib berish uchun Inspeksiya tomonidan tegishli xulosa tuziladi.
Davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar manbaini taqsimlash vakolatiga ega sub’yekt ikki ish kunida Inspeksiya tomonidan taqdim qilingan xulosaga asosan mukofot pulini qoidabuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxs(lar)ga naqd pulsiz ko‘rinishda, ya’ni u(lar)ning bank plastik kartasiga o‘tkazadi.
Qanday xabarlar ko‘rib chiqilmaydi?
- qoidabuzarlik holatlari aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
- nazorat ob’yektining to‘liq nomi va manzili aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
- qoidabuzarlik haqidagi xabar ilgari yuborilgan xabar mazmuni (nazorat ob’yekti, qoidabuzarlik yo‘nalishi, sub’yekti) bilan bir xil bo‘lgan taqdirda.
Bunda qoidabuzarlik ilgari o‘rganilib tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lsa, bunday xabarlar qayta ko‘rib chiqilmaydi va bu haqda xabar bergan jismoniy shaxslarga belgilangan tartibda xabar beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter