Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Gelik» mashinasi va «yemagan» prank: «timsohning ko‘z yoshlari»ga ishonmang

«Gelik» mashinasi va «yemagan» prank: «timsohning ko‘z yoshlari»ga ishonmang

foto: xabar.uz, chatgpt

«Yolg‘onchi cho‘pon» haqidagi ertakni ko‘pchiligimiz o‘qiganmiz. Ya’ni  zerikkan cho‘pon qishloq aholisiga hazil qilmoqchi bo‘ladi. Ikki marta qo‘ylarimga bo‘ri keldi, deya vahima qiladi. Qishloq odamlari tayoq ko‘tarib bo‘rini haydashga keladi, lekin cho‘pon ularni aldaganini bilib qolishib g‘azablanishadi. Uchinchi marta rostdan ham qishloqqa bo‘ri oralab, cho‘ponning qo‘ylariga hujum qiladi. Lekin bu safar cho‘pon yana bizni axmoq qilayapti deb unga hech kim e’tibor bermaydi...

Bunday ertaklar yolg‘on gapirishning oqibati og‘ir bo‘lishini, odamlar ishonchini yo‘qotmaslik kerakligini o‘rgatadi.

Kuni kecha bir bloger qimmatbaho mashinasining old oynalari sindirib ketilgani uchun yig‘lab video qilgani ijtimoiy tarmoqlarda aylandi.

   

Ko‘pchilik bu voqeaga juda achindi, hamdardlik bildirdi. Ayrimlar shunday ulug‘ kunlarda xunuk ish qilgan odamni ichiqoralikda ayblashdi, qarg‘ashdi. Mashinaing egasi ham qarg‘adi... topib olsa ko‘zini o‘yib olmoqchi va sharmanda qilmoqchi bo‘ldi. Bir kun o‘tmasdan esa er-xotin qarindoshlar uchun mashinaning oynasini sindirib ketishdi deya prank qilganini aslida mashinaning oynasini hech kim sindirmaganini, almashtirish maqsadlari bo‘lganini aytib xalqdan va ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘radi.

 

Qizig‘i uning juda ko‘p obunachilari, ixlosmandlari, muxlislari bor, necha yillardan beri sog‘lomlik haqida blog yuritadi. Savol tug‘iladi, «prankchi» bloger shu paytgacha nahotki media va auditoriya bilan ishlash qonun- qoidalaridan bexabar? Kechagina qo‘liga telefon ushlab blog yuritayotgan yosh bola bo‘lsa ham mayli ekan... Odamlarga asabiylashmaslik, sog‘liqni qanday asrash haqida maslahat beradigan bloger shu kuni qancha odamning asabini buzdi ekan, qancha qarindoshlarida achinish hissini paydo qildi ekan, qancha mas’ullarning halovatini o‘g‘irladi ekan?!

Bir insonni bir inson haqorat qilsa javobgarlikka tortiladi, yolg‘on axborot tarqatsa ham javobgarlik mavjud... Sababi birinchi holatda haqoratlangan odam ma’naviy zarar ko‘radi, ikkinchi holatda yolg‘on axborot tufayli xaos yuzaga keladi, qanchadan-qancha odamning asabi buzilib ular ham ma’naviy zarar oladi. Endi bu bloger o‘zining pranki bilan qancha odamni axmoq qilmoqchi bo‘ldi, bo‘lib ham o‘zining auditoriyasidagi unga ixlos qilganlarni.

Bunday pranklar jamiyatda ishonchsizlikni oshiradi va ko‘pincha huquqiy oqibatlarga olib keladi. Ayniqsa shunday pranklar bilan auditoriyasini kengaytirgan blogerlar ko‘payib ketmoqda. Avvallari «prank» so‘zi faqat telefon hazillarini anglatgan. 2000 yillarda bu xorijda juda ommalashdi. Hozirda «pranker»lar nafaqat telefon orqali, balki hayotda ham odamlarni aldashmoqda. Afsuski ko‘p davlatlarda, jumladan, Rossiyada ham, prankerlik uchun aniq modda yo‘q. Ammo yolg‘on qo‘ng‘iroqlar haqidagi xabarlar uchun jiddiy jazo mavjud.

O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida bu haqda ya’ni, o‘z mulkiga qasdan zarar yetkazib, lekin yolg‘on axborot tarqatgan va buni shunchaki hazilga yo‘yganlikka qanday jazo borligini... endi buni huquqshunoslar biladi.

Bu kabi pranklar to‘xtatish uchun ham balki, aniq hujjat ishlashi kerakdir, ya’ni bu holatda bitta uzr so‘rash kamlik qiladi. Chunki bunday pranklar odamlar orasida ishonchsizlikni kuchaytiradi. Keyinchalik haqiqiy jabrlanuvchilarga ham ishonmay qo‘yish mumkin.

 

Bu yerda blogerning mas’uliyati katta ekanligi e’tibordan chetda qolmasligi kerak, axir uning minglab obunachilari bor va u jamoatchilik oldida ma’lum bir mas’uliyatni his qilishi kerak. U jamoat fikriga ta’sir qiluvchi shaxs sifatida javobgarlikni tushunishi lozim.

Blogerning yig‘lab chiqqan videosiga bir qancha odam achingan bo‘lsa, ikkinchi videodan keyin ko‘pchilik aldanganiga, axmoq bo‘lganiga g‘azabini va nafratini ochiq oydin sochishdi. Aslida bu ham noto‘g‘ri. Odamlar bunday voqealarga tayyor emasligidan, media savodxonlik darajasi baland emasligidan dalolat. Chunki bugungi kunda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga tekshirmasdan ishonadi. Ayniqsa, emotsional video va fotolar juda tez tarqaladi va blogerlar odamlarning his-tuyg‘ularidan foydalanadi: ular shok, hamdardlik yoki achinish hissini uyg‘otadigan kontent yaratadi. Bu esa auditoriyani tezroq jalb qilish va ko‘proq ko‘rishlar olishga xizmat qiladi. Aynan mana shunday pranklar, maxsus «klikbeyt» xabarlar va shov-shuvlarga urinishlar jamiyatda ma’lum bir holatga nisbatan ishonchsizlik paydo qilishi mumkin. Bu esa jamiyatda axborotni qabul qilish jarayonini qiyinlashtiradi.

Axborotni tekshirish madaniyati kuchli jamiyatlarda odamlar har qanday shubhali xabarni bir necha manbadan tekshirib ko‘radi. Masalan, Skandinaviya mamlakatlarida yoki Germaniyada odamlar rasmiy manbalarni o‘qishga va tekshirilgan ma’lumotlarga tayanishga odatlangan.
OAV va jurnalistika standartlari rivojlangan jamiyatlarda blogerlar va mediada yolg‘on tarqatganlar javobgarlikka tortiladi. AQSh va Yevropada bunday holatlarda hatto sud ishlari ham bo‘lishi mumkin.
Jurnalistika va blogerlik o‘rtasidagi farqni tushungan jamiyatlarda odamlar tanqidiy fikrlashga va axborotni tahlil qilishga harakat qiladi.

O‘zbekistonda esa hali media savodxonlik to‘liq rivojlanmagan. Ko‘pchilik axborot manbalarini tekshirishga odatlanmagan, balki internetdagi har qanday ma’lumotga oson ishonib ketadi. Blogerlar va blogerlik faoliyati rivojlangani bilan, ularning barchasi ham axloqiy me’yorlarga rioya qilmaydi.    

Panika, shov-shuv, xaos keltirib chiqargan pranklarning mashhur holatlaridan biri 2019-yilda AQShning Ogayo shtatida sodir bo‘lgan. Bir o‘smir YouTube videosi uchun onasini aldashni rejalashtirdi. Do‘stlari uyga hujum uyushtirganday qilib, yuzlariga niqob kiyib kelishdi va straykbol pistoleti ishlatishdi. Qo‘rqqan ayol qo‘shnilardan yordam so‘radi, ular esa politsiya chaqirishdi.

Ogayo qonunchiligida bu holat «vahima tarqatish» deb baholandi, bu esa jamoatchilikka ziyon yetkazgan deb hisoblanadi. Huquqbuzarlarga 180 kun qamoq va jarima berildi.

Ogayoda yana bir dahshatli voqea ro‘y berdi. Ikki bloger yo‘ldagi «To‘xtamay harakatlanish taqiqlangan» belgisini shaffof plyonka bilan yopib qo‘yishdi. Oqibatda ikki avtomobil to‘qnashdi va ikki keksa ayol halok bo‘ldi. Prankerlardan biri 4 yil, ikkinchisi esa 8 oy qamoq jazosini oldi.

Faqat AQSh emas, Yevropada ham prankerlar javobgarlikka tortiladi. 2017-yilda ispaniyalik bloger Kangua Ren shov-shuvga sabab bo‘lgan. U bir odamga krem o‘rniga tish pastasi solingan pechene berib, bundan zavqlangan videoni YouTubega joyladi. Bechora odamning ahvoli yomonlashgan.

Bloger jabrlanuvchidan uzr so‘rab, uning qizi orqali 300 yevro bermoqchi bo‘ldi, lekin ish sudga yetdi. Natijada, bloger 15 oylik qamoq va 20 ming yevro jarimaga tortildi.

Rossiyada prankerlar ko‘pincha «bezorilik» moddasi bilan jazolanadi. Masalan, Tyumen shahrida himoya kostyumida odamlarni koronavirus yuqtirgan deb qo‘rqitgan prankerga ma’muriy jazo berildi.

Umuman hazil, video olish, mashina minish, uning oynasini o‘zgartirish o‘z yo‘liga, lekin shunday ulug‘ kunlarda «mashinamning oynasini kimdir sindirib ketibdi», deb boshqalarda boshqalarning nafratini kuchaytirish, e’tibor tortish va hatto mas’ul idoralarni chalg‘itishga hech kimning haqqi yo‘q. O‘sha bloger bu bilan nimaga erishdi? Prank qilaman, deb atrofdagilarning ishonchini suiste’mol qildi va g‘azabiga uchradi.

Xuddi uyim yondi deb aldagan oqibatda rostdan uyi yonib ketgan yolg‘onchi odam va qo‘ylarini bo‘ri yeb ketgan yolg‘onchi cho‘pondek e’tibordan qoldi, erishgani bir dunyo g‘azab va yuzi qizarib uzr so‘rash bo‘ldi.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring