Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Go‘dakni ovutishning eng samarali usuli aniqlandi

Go‘dakni ovutishning eng samarali usuli aniqlandi

Olimlar nihoyat go‘daklarni qanday qilib ovutish samarali ekanini aniqlashdi. Bu haqda Current Biology ilmiy nashri yozdi.

Ekspertlar Italiya va Yaponiyada bir nechta tajriba o‘tkazishdi. Buning uchun 21 «ona-bola» juftligi tanlandi, go‘daklar — 7 oylikkacha.

Bola yig‘layotganida qaysi usul samarali:  belanchakka yoki oddiy karvotga yotqizish kerakmi, ona qo‘lida olib o‘tirishi, ko‘tarishi yo bo‘lmasa ko‘tarib yurgani ma’qulmi — sinovchilar shuni aniqlashga urinishdi.

Aniqlanishicha, bola qo‘lga olinib, uyoqdan-buyoqqa olib yurilganida, oradan 30 soniya o‘tib tomir urishi sekinlashib, yig‘lashi kamaygan. Bolani tebratganda ham xuddi shunday holat yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng olimlar go‘dakni besh daqiqa ko‘tarib yurish ularning holatiga qanday ta’sir ko‘rsatishiga qiziqishdi. Bolalarning 46 foizi besh daqiqadan so‘ng uyquga ketgan, 18 foizi esa olti daqiqa o‘tib uyquga kirgan.

Biroq bu bolalar uxlashi bilan yotqizilgach, ularning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i oradan 20 soniya o‘tib uyg‘ongan. Elektrokardiogramma ularning yurak urishi onasidan ayrilgan zahotiyoq tezlashganini ko‘rsatdi. Agar bola uxlaganidan so‘ng ham ona qo‘lida bir muddat bo‘lsa, yotqizilgach uyg‘onish ehtimoli ancha kamaygan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring