Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har yili 1 milliongacha aholi virusli gepatit «B» va «C» turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi

Har yili 1 milliongacha aholi virusli gepatit «B» va «C» turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi

Bugun, 16-may kuni O‘zbekiston prezidentining «Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, qarorga ko‘ra, quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

- virusli gepatitlarning «B» va «C» turlarini erta aniqlash uchun barcha hududlarni qamrab oluvchi skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;

- kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit «B» infeksiyasiga qarshi emlash bilan to‘liq qamrab olish;

- skrining tekshiruvlarida virusli gepatit «C» turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash;

- sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-to‘plamlari) bilan bosqichma-bosqich to‘liq ta’minlash;

- barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestrini yaratish va uni yuritish;

- vaksinalar, test-to‘plamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish;

- virusli infeksiyalar muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

- virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari bo‘yicha aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish.

Qarorga asosan:

- 2022–2025-yillarda ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish bo‘yicha dastur;

- 2022–2023-yillarda epidemiologik ko‘rsatmaga muvofiq, davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarini gepatit «B» infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlanadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-iyuldan boshlab:

- har yili respublika aholisini virusli gepatit «B» va «C» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «C» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi;

- 2022-yil 1-sentyabrdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni o‘z hisobidan gepatitning «B» va «C» turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring