Hindistonlik shifokorlar Andijon va Toshkent aholisini bepul ko‘rikdan o‘tkazishdi

«GM Uzbekistan» AJ tashabbusi bilan Andijon viloyatining Bo‘z va Qo‘rg‘ontepa tumanlari hamda Toshkent shahrida hindistonlik mutaxassislarning bepul tibbiy ko‘rigi tashkillashtirildi. Bu haqda «GM Uzbekistan» Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabar berdi.
To‘rt kun davomida Hindistonning yetakchi «SARVODAYA» gospitali shifokorlaridan iborat onkolog, kardiolog va nefrolog Andijon va Toshkent aholisini bepul ko‘rikdan o‘tkazishdi va o‘z maslahatlarini berishdi.
Ko‘rik «GM Uzbekistan» kompaniyasi tomonidan o‘tgan yilning noyabr oyida qurib topshirilgan, eng so‘nggi texnologiyalar bilan qayta jihozlangan «Clinic Pro» diagnostika markazlarida tashkil etildi. To‘rt kun davomida shifokorlar Qo‘rg‘ontepada 130 nafar, Bo‘zda 85 hamda Toshkent shahrida 200 nafar bemorni ko‘rikdan o‘tkazishdi.
Ko‘rik natijalariga ko‘ra bemorlarga tavsiyalar berildi, davolash sxemalari qayta ko‘rib chiqildi, bemorlarning davolovchi shifokorlari bilan maslahatlashuvlar olib borildi.
Mazkur tashrif «GM Uzbekistan» tashabbusi bilan tashkillashtirilayotgan xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi uchinchi bepul ko‘rik sanaladi.
Tashrif yakunida tomonlar doimiy ravishda «Clinic Pro» hamda «SARVODAYA» gospitali o‘rtasida tajriba almashishga, hind shifokorlari ishtirokida bemorlarga jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishga kelishib olishdi.
«GM Uzbekistan» AJ ijtimoiy-mas’ul biznes sub’yekti sifatida kelgusida ham xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda aholining salomatligini yaxshilash yo‘lidagi harakatlarini davom ettiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter