Ikki xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziya to‘xtatildi
«Xorazm xususiy bandlik agentligi» hamda «The Empire xususiy bandlik agentligi» MChJlarga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga «Xorazm xususiy bandlik agentligi» MChJ faoliyati ustidan ko‘plab fuqarolardan shikoyat arizalari kelib tushgan.
Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentyabrdagi Qarori asosida tasdiqlangan «O‘zbekiston Respbulikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomining» 45-bandiga muvofiq, «Xorazm xususiy bandlik agentligi» hamda «The Empire xususiy bandlik agentligi» MChJ litsenziyasining amal qilishini 10 ish kuniga to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
10 kun davomida «Xorazm xususiy bandlik agentligi» hamda «The Empire xususiy bandlik agentligi» MChJ tomonidan Nizomning 46-bandiga binoan keltirilgan holatlarni ijobiy hal qilish talab qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter