Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Islom haybatli o‘g‘lonidan ayrildi» – ulamolar atoqli shayxning vafotiga munosabat bildirdi

«Islom haybatli o‘g‘lonidan ayrildi» – ulamolar atoqli shayxning vafotiga munosabat bildirdi

Ikki hamasr alloma – shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va shayx Yusuf Qarozoviy.

Foto: «Islom.uz»

26 cyentyabr kuni Islom olamidagi nufuzli alloma, shayx Yusuf Qarozoviy  96 yoshida Qatarda vafot etdi. Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi olimni «zamonamizning ulug‘ mujtahidi» deb atab, u kishining yaqinlariga ta’ziya izhor qildi.

O‘zbekistonlik boshqa ahli ilmlar ham 120 dan ziyod kitob ta’lif etgan shayx Qarozoviyning vafotini Islom ummati uchun ulkan yo‘qotish deb baholadilar.

«O‘zining ilmi, dinga xizmati, o‘tkir fikri va zamonga mos ijtihodlari bilan Payg‘ambar alayhissalomning merosxo‘rlari bo‘la olgan buyuk olim vafot etdi. O‘zining o‘nlab kitoblari, minglab fatvolari, ko‘plab pozitsiyalari bo‘lgan uyg‘oq din xizmatchisi bu dunyodan rihlat qildi. Shayxlar – G‘azzoliy, Sha’roviy, Nadaviy, Zuhayliy va Muhammad Sodiq Muhammad Muhammad Yusuflar asrini yakunlagan shaxsiyat bu dunyodan o‘tdi. Umrini Islomga bag‘ishlagan, jihodga atagan va ilmda kechirgan muhojir chin dunyoga ketdi. Qisqasi, men eng yaxshi ko‘rgan allomalarning oxirgi vakili endi yo‘q. Men va musulmonlar yetim qoldik. Islomimiz haybatli o‘g‘lonidan ayrildi», – deb yozdi Mubashshir Ahmad.

«Yusuf Qarozoviy rahmatullohi alayhning kitoblari hamisha ahli ilmlar va ziyolilar tarafidan qizg‘in kutib olingan va muhokama qilingan. U kishi ilg‘or fikrlari, yangicha yondashuvi, shariatni voqeiy tushunishi bilan ko‘p ulamolardan ajralib turar edi. Ellik yil oldin aytgan so‘zlarini eshitsangiz, o‘qisangiz, bugungi kunni ko‘rib gapirganmikan deb o‘ylaysiz. U kishi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy maydonda ham nihoyatda faol bo‘lgan. Ko‘plab ilmiy amaliy harakatlar tashabbuskori edilar. Arab fazoiy telekanallardagi chiqishlari ham nihoyatda ko‘p. Oxirgi paytlarigacha aqlu idrok va xizmatdagi sobitlik bilan o‘tdilar. Shayx Qarozoviyning Islom ummatiga xizmati katta va ko‘plab yangicha fahmlari bilan ko‘p islohotlarga sabab bo‘lgan», – deydi Toshkentdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome’ masjidi imom noibi, taniqli qori Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

«Elas-elas eslayman, yosh bola edim, taqriban 1976-77 yillar. Akam rahmatlining qo‘llarida bir kitob ko‘rdim. Arab tilida «Islomda halol va harom» degan kitob edi. O‘sha paytda arab tilini bilmas edim. Lekin sarlavha surati miyamga mixlanib qolgandi. Arab tilini o‘rganib boshlaganimdan so‘ng kitobni qayta ko‘rdim. Xotiramdagi kitobni esladim. Bu o‘sha – Yusuf Qarozoviy qalamiga mansub kitob edi. Qariyb 100 yil umr ko‘rgan bu olim Islom ummatiga ana shunday kitoblari bilan 60 yildan ortiq muddatdan beri xizmat qilib keldi», – deb yozdi Saudiya Arabistonida yashayotgan o‘zbekistonlik olim Sayfulloh Nosir.

«Islom.uz» portaliga ko‘ra, Yusuf Qarozoviy Islomda modernizm va an’anaviylikni uzviy uyg‘unligiga erisha olgan mo‘’tadil olim bo‘lgan. Alloma musulmonlarni shariatning maqsad va ustuvor yo‘nalishlarini chuqur tadabbur qilib, oqilona anglab yetishga, Islomning buzilmas ruknlari hamda uzluksiz o‘zgarib turuvchi zamon o‘rtasidagi muvozanatni mahkam tutishga chaqirgan, davr bilan hamnafas yashagan.

Ijtimoiy tarmoqdagi aksar foydalanuvchilar ham «Olimning o‘limi – olamning o‘limi» ekanini ta’kidlab, allomaning ulkan xizmatlarini e’tirof etganlar.

Asli misrlik Yusuf Abdulloh Qarozoviy (1926 – 2022) uzoq yillar Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqiga raislik qilgan, diniy ilmlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun u 8 ta xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring