Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kechirib bo‘lmas gunoh...

Kechirib bo‘lmas gunoh...

Foto: FB.ru

...Shokir (ism-familiyalar o‘zgartirilgan — tahririyat) yoshligidan sayoq yurishga odatlandi, mehnatga bo‘yni yor bermadi. Ota-onasi uning boshini ikki qilib qo‘ysak, boshiga ro‘zg‘or tashvishi tushsa o‘zgarar, deb umid qilishdi, o‘g‘lining ahvolini bilaturib, birovning qizini baxtsiz qilishlari mumkinligini anglasalar ham, uylantirib qo‘yishdi.

Oilaga yangi kelin, uning ortidan jajji mehmon keldi. Shokir oilaboshi, ota bo‘lib kerildi-yu, ularni halol mehnati bilan yedirib-ichirishni o‘ylamadi, na farzandlik, na erlik, na otalik mas’uliyatini his etdi, tarallabedod qilib yuraverdi. Avval oilasi tinchligi uchun, farzandining sog‘ligi uchun ichdi, keyin esa bora-bora ularning hammasidan kechdi... Uni ichkilik o‘z domiga og‘uday tortaverdi. Har kungi urish-janjallardan bezgan turmush o‘rtog‘i eridan ajrashib, xotirjam yashayman, deb o‘yladi. Xotini-ku uydan ketib tinch yashay boshlagandir, ammo ota-ona, aka-ukalar undan qochib qayerga borishsin!

Shunday kunlarning birida, aniqrog‘i, 2017-yilning 2-avgust kuni Shokirning opasi Muhabbat Beknazarovaning xonadonida to‘y boshlandi. Hamma to‘yga mezbonning baxtli onlarida quvonchiga sherik bo‘lish uchun tashrif buyursa, ba’zilar ichkilikdan «to‘yish» maqsadida borishadi. Shokir ham shundaylar sirasidan. Avvaliga to‘yda xizmat qilgan bo‘ldi, keyin ichkilikbozlik...

Tong chog‘i gandiraklab uyiga kirib bordi. Otasi uxlab qolgan ekanmi yoki tong sahardan asabbuzarlik qilgisi kelmadimi, ishqilib eshikni singlisi Rahima ochdi.

...Shokir biroz uxladimi-yo‘qmi, bilmaydi, boshi lo‘qillab og‘rishidan uyg‘onib ketdi. Kechagi ichkilikning xumori tutdi. Yana to‘yxonaga — Muhabbat opasinikiga yo‘l oldi. Opasi spirtli ichimlik bermasligini taxmin qilib, yo‘l-yo‘lakay do‘kondan aroq oldi, ammo uyam Shokirga nasib etmadi: endigina bir piyola ichgan edi, opasi ertalab soat sakkiz yarimda ham ichkilik ichasanmi deb tanbeh berib, shishani qo‘lidan tortib olib, to‘kib tashladi.

Aslida agar ukasi choy ichayotgan bo‘lsa yoki biron shirin taom tanovul qilayotgan bo‘lsa, Muhabbat aslo bunday qilmas edi: aksincha yanada mehr ko‘rsatar edi. Ammo ichkilik... Opa ukasini mastlik oqibatida sodir etishi mumkin bo‘lgan turli noxushlik va falokatlardan saqlash uchun shunday qildi. Ichkilikka mukkasidan ketgan uka esa opasining bu g‘amxo‘rligini to‘g‘ri tushunmadi, to‘g‘rirog‘i, tushunsa ham nafsini jilovlay olmadi. Jahl bilan opasining uyidan chiqib ketar ekan, yo‘l-yo‘lakay do‘kondan yana vino sotib oladi va chiqindi tashlash joyida yashovchi Murod va Mubinalar bilan ichadi... Kechadan beri tinimsiz ichilgan ichkilik, albatta, o‘z kuchini ko‘rsatadi. Keksalar aytganlaridek, «shaytonning suvi» shisha ichidagina tinch turadi. Insonning oshqozoniga tushgach esa uni vahshiyga aylantiradi.

Farzand otaga sharaf keltirsa-ku undan baxtiyor odam yo‘q, ammo kulfat keltirsa, el oldida yuzini shuvut qilsa, undan zabun inson bo‘lmasa kerak. Yoqub Beknazarov o‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga solishga ko‘p bora urinib ko‘rdi, uning bu oxirgisi, degan va’dalariga ham ko‘p va xo‘p ishondi. Afsuski, va’dalar bajarilmadi, ishonchlar oqlanmadi. Bechora otaning mahalla-ko‘y oldida boshi xam bo‘ldi. Viloyat norkologiya dispanseriga davolanishga ham yotqizdi, foydasi bo‘lmadi...

Shokirni yana mast holda ko‘rgan Yoqub akaning g‘azabi tiliga ko‘chdi:

— Sen mening bolam emassan!

Yoqub akaning qalbidan otilib chiqqan alam-iztirobga to‘la so‘zlar Shokirning yuragiga yetib bordi, ammo u uzr so‘rash o‘rniga sherga aylandi: quturgan hayvondek otasiga tashlandi. Singlisi Rahima ularni ajratishga qanchalik harakat qilmasin, kuchi yetmagach, qo‘l telefoni orqali kimnidir yordamga chaqirmoqchi edi, uniyam Shokir qo‘lidan yulqib olgach, qo‘shninikiga chopdi. Qo‘shni Zarif aka Shokirning oilamiz janjaliga aralashma, chiq uyimdan, deb quvib solganigami yoki haqiqatan ota-bolani ajratishga kuchi yetmadimi, boshqalarni chaqirishga shoshildi. Bu orada Shokir mehmonxonadagi stol ustida turgan pichoqni olib, padari buzrukvorining yuragiga sanchdi! Bir paytlar uni erkalab, yelkasida ko‘targan qo‘llar bemajolgina pastga tushdi, uni kamolga yetkazguncha ne-ne mashaqqatlarni ko‘rgan, keksayganimda suyanchiq bo‘ladi, ardoqlaydi, deya orzu qilgan dillar chil-parchin bo‘ldi. O‘zi hayot bergan farzandi o‘z hayotiga nuqta qo‘ydi. Umr bo‘yi bolasi ehtiyoji yo‘lida yelib-yugurgan tabarruk vujud o‘z zurriyodi dastidan gursillab yiqildi. O‘g‘il dunyoga kelganida, kulganida, tili chiqib «ota» so‘zini aytganida, ilk tetapoya qilganida... kuyovlik sarposini kiyganida faxrdan, quvonchdan hapriqqan yurak, u tufayli urishdan to‘xtadi. Or-nomusdan, afsus-nadomatdan o‘rtangan, el aro sharmisorlikdan ozor chekkan, kechayu-kunduz halovatidan mosuvo ota umri shu zayl yakun topdi.

Kayfi baland Shokir esa dahlizda jon berayotgan otaga parvo ham qilmasdan, ko‘chaga otildi. Axlat tashuvchi do‘sti Muroddan egniga futbolka olib kiydi-yu, bozor tomon shoshildi. Urganch Markaziy dehqon bozori uning ozodligining oxirgi manzili bo‘ldi: jinoyatchi IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida 1978-yil 20-mayda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan, «Umid» mahallasida istiqomat qiluvchi, o‘rta ma’lumotli, oilasidan ajrashgan, ishsiz Shokir Beknazarovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. Sudda jinoyatchi so‘z olar ekan, otasining gapidan jahli chiqib, uni pichoqlaganini, qilmishidan pushaymon ekanligini, qonuniy yengillik berishlarini so‘radi. Qonuniy yengillik... Alhazar! Aksincha, qalbini afsus-nadomat o‘rtayotgan farzand «men bunday vijdon azobi bilan qanday yashayman» deyishi kerak emasmidi!?

Jinoyatchining akasi, opasi, singlisi ham sudda qondoshligi bois unga da’volari yo‘qligini aytishdi. Ammo mamlakatimizda qonun ustuvor. Jinoyat ko‘chasiga kirgan fuqaroga jazo muqarrar.

Shokir Beknazarovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Padari buzrukvori o‘tirgan uyning tomiga chiqishni, uning oldidan yo‘lini kesib o‘tishni, bir so‘zini ikki qilishni gunoh sanaydiganlar ham o‘g‘il! Ular yashash baxtini, hayotga keltirganlar qadrini, umrni munosib yashamoq saodatini anglay olganlardir!

Afsuski, maqolamiz «qahramoni» ana shu saodatni anglab yetmay, mudhish jinoyatga qo‘l urdi. Kechirib bo‘lmas gunohlari yukini yelkasiga oldi.

Alisher Qahhorov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi sudyasi,

Saodat Matyoqub qizi,

«Adolat» muxbiri

«Adolat» gazetasining 16-sonidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring