Kitobingni qo‘lingdan qo‘yma bolam!

Boysundan shunday Kofrun qishloqqa engan joyda bir manzarani ko‘rdik....
– Qara! Qara! deb hayratlangunimizcha mashina bolani ortda qoldirib shitob bilan ancha o‘tib ketdi.
– Qaytayinmi, dedi haydovchi ukam Bahodir.
– Qayt qayt, dedim oshig‘ich qiziqish bilan.
Yoshlikda shunaqa mol boqar edik. Alhol bunday bolani uchratsam heyeyey o‘ttiz yillar burun uchratgan edim. Voh...!!!
Qaytib kelib bolani gapga tutdik. «Kimdi o‘g‘lisan, bobong kim?» Alxusus qo‘lidagi kitobga qiziqdik:
– Qo‘lingdagi qanday kitob?
Telefon kamerasi o‘ngarilganini ko‘rib bola biroz cho‘chidi. Haytovur milisa deb o‘yladimi yoki mumkin bo‘lmagan joyda mol boqib qo‘ydim deb qo‘rqdimi, ovozi dirilladi:
– Nimaga rasmga tushiryapsiz.....?
Harna daldamizdan keyin o‘ngarildi boyaqish. Savolni yana takrorladik. Qo‘rquvi andak tarqagan bola kitobni biz tomon o‘girdi. «English» – ingliz tili darsligi ekan. Voh!!! Chin, bunday qo‘liga kitob ushlab mol boqqan bolani endi ko‘rayotgan edim.
Bu bola – o‘zbekning bolasi. Qo‘lida kitobi bilan mol boqyaptimi demak....
Xullas fikrimning davomi uqqanga ayon, uqmagan dashtga chiqib kitob o‘qisin.
Bolani ko‘z ilg‘amay qolgunicha yon tomondagi oynadan kuzatib ketdim....
O‘qi bolam o‘qi. Mol boqsang ham, dashtda bo‘lsang ham kitobingni tashlama. Kitobingni tashlasang bir umr shu dashtlarda qolib ketasan. Kitobingni tashlasang bir umr mol boqasan. Dunyoning boshi qayer adog‘i qayer bilmay o‘tib ketasan kitobingni tashlasang. Har o‘tib to‘xtagan mashinadan cho‘chimaydigan bo‘lasan kitobingni tashlamasang. Kitobingni tashlama shu yerlarning egasi bo‘lasan. O‘qi bolam o‘qi bu dashtlarda adashma. Taqdiringning egasi bo‘lasan bir kun. Kitobingni tashlama bolam. Sendaylar ko‘paysin. Sendaylar ko‘p bo‘lsin toki o‘tgan-ketgan hayrat emas havas bilan qarasin. Kitobingni tashlama...
Temur G‘oyibnazarov facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter