Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mamlakat imiji va...avtobuslar yoxud teatr kiyim ilgichdan boshlanadi

Mamlakat imiji va...avtobuslar yoxud teatr kiyim ilgichdan boshlanadi

Dunyoning juda ko‘p davlatlarida jamoat transportlariga nafaqat yo‘lovchi tashuvchi texnika, balki butun bir mamlakat yuzi, davlat imidjini ko‘tarishning muhim elementi va nihoyat sayyohlarni jalb etuvchi asosiy vosita sifatida qaraladi.

Masalan, Istanbul yo‘llarida harakatlanadigan avtobus haydovchilari bir xil — hukumat tomonidan tasdiqlangan maxsus kiyim-boshda yurishlari shart. Ya’ni, siz bu yerda «sportivka» kiygan «shumaxerlar»ga, keyin «konduktor» degan baloga yo‘liqmaysiz. Chiptachining vazifasini esa maxsus avtomat bajaradi.

Kuala-Lumpurda shaharning asosiy savdo nuqtalari, diqqatga sazovor joylari bo‘ylab har ikki daqiqada yuradigan alohida avtobus liniyalari tashkil etilgan. Bu avtobuslarning boshqalardan farqi, ular — sayyohlar uchun ham, mahalliy aholi uchun ham mutlaqo bepul. Ayni paytda kodsiz WIFI dan ham foydalanishingiz mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad faqat bitta — sayyohlarda iloji boricha yaxshi taassurot qoldirish, shu orqali Malayziya brendini yanada ommalashtirish.

Xo‘sh bizdachi? 15 yil oldin birinchi marta avtobusga chiqqanimda ona suti og‘zidan ketmagan bolakay «qani, bilet ovolamiz» deb burnini tortib yurgandi. Hali ham shu ahvol. Bundan tashqari, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravon «konduktorlar» ishtirokidagi videolarning ko‘payishi — ularning ayrimlarida ruhiyat, madaniyat va farosat bobida ham jiddiy muammolar borligidan dalolat beradi.

Umuman, «Toshshahartransxizmat» degan tashkilot «konduktorlar»ni aynan qanday talablar, boshqacha aytganda «kriteriyalar» asosida tanlab olishini haligacha tushunmayman. Toshkentni avtobusda aylanayotgan chet ellik mehmondan hali voyaga yetmagan «zumrasha» chipta olishni talab qilib tursa, g‘alatida.

Undan keyin, dunyoning juda ko‘p davlatlarida avtobus haydovchilari uchun maxsus xizmat liboslari joriy qilingan. Shu jumladan bizda ham. Ammo siz oxirgi marta xizmat kiyimida yurgan avtobus haydovchisi yoki konduktorni qachon uchratgansiz? Eslolmadingiza! Bu kamchiliklar bizga sezilmasligi mumkin, ko‘nikib ketganmiz, ammo begona ko‘zlarga juda xunuk ko‘rinadi.

Yana bir gap. To‘rt-besh oy avval o‘zimizning saytlarda Toshkentda ayrim avtobus yo‘nalishlarida tekin WIFI o‘rnatilishi haqida xabarlar chiqqan edi. Ammo shu paytgacha hali hech bir yo‘lovchining mana shunday qulaylikdan foydalangani haqida eshitmadim.

Eng qizig‘i, tasavvur qiling, chet ellik sayyoh o‘sha tekin tarmoq ulangan kamsonli avtobusga chiqdi deylik, imkoniyatdan foydalanib yaqinlari bilan «Scype» yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali gaplashmoqchi. Ammo chuchvarani xom sanabdi. Bizning avtobuslarda «Ziyonet.uz» portalidan boshqasiga kirolmaydi...

«Onangni otangga pardozsiz ko‘rsatma» deyishadi. Hademay «Toshkent siti» qad rostlaydi, «Xavfsiz shahar» loyihasi ishga tushadi, yo‘llar muntazam ta’mirlanyapti, ko‘priklar qurilayapti, qolaversa mehmonlar uchun tarixiy obidalarga IQ-kod o‘rnatildi, mehmonxonalarda diniy ibodat uchun shart-sharoit yaratildi, shaharlarimiz qiyofasi «Euronews»da takror-takror aylanyapti... Bularning bari yaxshi, ulug‘vor tashabbuslar albatta.

Ammo, nazarimda mana shu haqiqatda ulkan, keng ko‘lamli bunyodkorliklar, yangiliklar, innovatsiyalar soyasida, bir qarashda arzimasdek ko‘rinsada, butun bir mamlakat imijiga salbiy ta’sir etayotgan juda oddiy, elementar kamchiliklar e’tibordan chetda qolayotgandek.

O‘sha gap — teatr kiyim ilgichdan boshlanadi!

Dilshod Nurulloh

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring