Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga eksport qilinadigan 15 ming bosh qo‘y tayyor

13-avgust kuni Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi davlat kotibi Jambalseren Tumur-Uyaa boshchiligidagi delegatsiyani, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov qabul qildi.
Uchrashuv avvalida vazir o‘rinbosari Ilzat Qosimov, so‘nggi bir yil davomida ikki mamlakat prezidentlarining o‘zaro tashriflari yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar qisqa muddat ichida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Masalan, O‘zbekiston tomoni Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh tirik qo‘y va echki sotib olishga rozi bo‘lgan va birinchi partiyadagi 15 ming bosh qo‘y jo‘natishga tayyor ekani ma’lum qilindi.
U shuningdek, ushbu ishni faollashtirishda ko‘rsatgan ko‘magi va ilgari muhokama qilinganidek, eksport bojlariga imtiyozlar berish haqidagi qaror uchun Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Enxbayar Jadambuga minnatdorlik bildirdi.
Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga eksport qilinayotgan qo‘y go‘shti mamlakat iste’molchilari orasida talabga ega ekanligi ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, kelgusida Mo‘g‘ulistonda qayta ishlangan qo‘y go‘shti mamlakatdagi yirik savdo tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi mumkin.
Ilzat Qosimov xususiy sektor ikki tomonlama go‘sht savdosi tarmog‘ini yaratishda asosiy o‘rin tutishi haqida aytib, mo‘g‘ul go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini O‘zbekistonda faoliyat yuritishga taklif qildi. Shuningdek, u ushbu yo‘nalishda jun sanoatlarida ham keng hamkorlik imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.
Manba: centralasia.media
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter