Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Murod Muhammad Do‘st deputat Alisher Qodirov haqida: «Uni rostdan ham xalq saylagan edimi?»

Murod Muhammad Do‘st deputat Alisher Qodirov haqida: «Uni rostdan ham xalq saylagan edimi?»

Foto: Videolavhadan skrinshot

«UzAuto Motors» korxonasi tomonidan avtomobillar narxini oshirgani hamon muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Holat yuzasidan  «O‘zavtosanoat» va «UzAuto Motors» vakillarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bo‘lgan uchrashuvda aytgan poyma-poy gaplari-ku, muammoga battar moy sepdi.

Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st  o‘sha uchrashuvda aytilgan gaplarga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi: «Uchrashuvda korxona mutasaddilari yolg‘on gapirayotgani yuzu ko‘zlaridan shunday sezilib qoldi. Yaxshi niyatlar bilan barpo etilgan avtomobil zavodi o‘zini oqlamadi. Oqlashi mumkin edi, qachonki bizning zavod bozor munosabatlari, bozor qoidalari asosida ishlaganida.

Esingizda bo‘lsa, 2008 yilda butun dunyo bo‘ylab iqtisodiy inqiroz kuzatildi. O‘sha payti, bizda iqtisodiy inqiroz bo‘lmaydi, deb do‘stlar bilan o‘zaro hazillashar edik, negaki, iqtisodiy inqiroz rosmana iqtisod bor joyda bo‘ladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, inqiroz bizning chor atrofdan ihotalangan biqiq iqtisodimizni chetlab o‘tdi», deya kulgi aralash gapiradi yozuvchi.

Ko‘p yillar prezident devonida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan Murod Muhammad Do‘st suhbatda hukumat endilikda monopolist korxonani qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi kerakligini aytmoqda: «Jiddiyroq gapiradigan bo‘lsak, hukumat endi o‘zining o‘yinlarini qo‘yib, bu monopolist korxonani umuman qo‘llamasligi kerak. U chegaradagi bojlarni kamaytirishi, odamlarga erkin avtomobil sotib olishi uchun imkoniyat yaratib berishi shart. UzAuto Motors rahbariyati mard bo‘lsa, haqiqiy raqobatga kuchi yetsa, bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin».

Yozuvchiga ko‘ra, o‘zbek avtosanoati faoliyatida alohida shaxslar manfaati ustuvorlik qiladi: «Bu yerda qandaydir bir to‘daning kattagina manfaati borday. Esingizda bo‘lsa, bir paytlar korxona ichidagi shaxslar tomonidan avtomobillarni arzon bahoda chetga chiqarib, keyin yana O‘zbekistonga qaytarib qimmat bahoda sotish holatlari ham bo‘lgan».

Murod Muhammad Do‘st «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirovning muloqotdagi harakatlaridan qattiq ranjiganini ham yashirmadi: «Kechagi muloqotda Alisher Qodirov degan deputatning gaplari, harakatlarini eshitib-ko‘rib juda uyalib ketdim. Yigit kishida ozgina g‘urur bo‘lishi kerak. Agar u adolatni himoya qilolmasa aqalli jim tursa ma’qulroq bo‘lar edi. Xalq saylagan vakil xalqqa ochiqdan-ochiq jabr qilayotganlar tarafini olishi nimani anglatadi? Va umuman, uni rostdan ham xalq saylagan edimi?

UzAuto Motors haqiqiy raqobatga kuchi yetsa, bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin. Raqobat bo‘lmas ekan, eski o‘yinlar qiyomat qadar davom etaveradi», deya gapiga yakun yasaydi adib.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring