Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noyob qo‘ng‘ir ayiqning bolasi saqlab qolindi

Noyob qo‘ng‘ir ayiqning bolasi saqlab qolindi

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Surxondaryo viloyatidagi «Uzun» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida ushbu xo‘jalik xodimlari bugun yolg‘iz yurgan ayiq bolasini topib olishdi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligining rasmiy kanalida xabar berildi.

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i turiga mansub ushbu ayiq bolasi onasi uyquga ketishdan oldin adashib qolgani taxmin qilinmoqda.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Qishning hozirgi sovuq kunlarida ayiq bolasi yovvoyi tabiatda ozuqa topolmay nobud bo‘lishi hamda brakonerlar tomonidan ovlanishi ehtimoli yuqori ekanligi inobatga olinib, Tabiat resurslari vazirligi tomonidan ayiq bolasi veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish va vaqtincha saqlab turish maqsadida Toshkent hayvonot bog‘i qoshidagi reabilitatsiya markaziga topshirilmoqda.

Bahor fasli boshida ayiq bolasini «Uzun»ga qaytarib, tabiat bag‘riga qo‘yib yuborish rejalashtirmoqda.

Tabiat resurslari vazirligi ushbu noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan ayiq bolasini saqlab qolishda faollik ko‘rsatgan «Uzun» davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamda Sariosiyo tumani ekologiya bo‘limi inspektorlariga minnatdorlik bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring