Odamlar pulini to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber, deyapti — Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash haqida fikr bildirarkan, xalqimiz o‘rtasida shaxsiy avtomobilga ehtiyoji oshib borayotganini aytib o‘tgan. «Menimcha» ko‘rsatuvida davlat rahbari o‘tkazgan yig‘ilishdan reportaj berildi.
«Kelasi haftada avtomobilsozlik masalalarini ham ko‘rib chiqamiz. Mashinaga bo‘lgan talab oshib bormoqda, odamlar pulini to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber ey davlat rahbarlari, deyapti. Xudoga shukr, iqtisodiyotimiz o‘sib bormoqda, odamlarning talabi oshib boryapti.
Shu bilan birga biz yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlab berish bo‘yicha mutlaqo boshqa choralarni ko‘rishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun muqaddam avtomobillar uchun belgilangan bojxona to‘lovlari («rastamojka») 50 foizgacha arzonlashtirilishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, yarimo‘tkazgichlar bilan bog‘liq global muammo tufayli mashina ishlab chiqarish va yetkazib berishda jiddiy muammolar tug‘ilgani sababli «O‘zavtosanoat» hukumatga shunday taklif bilan chiqqani aytilgan.
Ammo Xabar.uz sayti ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati bilan bog‘langan vaqtda korxona matbuot xizmati rahbari Zumrad Shojalilova bu bo‘yicha hech qanday ma’lumot yo‘qligini aytib, inkor etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter