Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otalar, qayerdasiz?

Otalar, qayerdasiz?

Televizorda yangiliklarda ko‘rib qoldim: Navoiyda maktab direktori o‘quvchini uribdi. Voqeadan xabar topgan ota-ona ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilibdi. Maktabga  jurnalistlar,  ichki ishlar xodimlari borishsa, maktab direktori ta’tilda emish. Yo yaxshi eshitmadim, yo nimalarnidir o‘tkazib yubordim...

Shunda maktab direktori o‘quvchini urib, darrov ta’tilga ketganmi? Ota-ona bolasining kaltak yeganini eshitib, surishtirmasdan militsiyaga murojaat qilganmi? Rosti, tushunmadim.

Ota-ona bilan jurnalistlar suhbatlashmoqchi bo‘lgandi, ular viloyatdan tashqaridaligini aytishdi. O‘quvchining sinf rahbari ota-ona o‘qituvchilarni qattiq haqorat qilganini aytdi... Bu yerda ota-onada ham ayb borligi aniq. Axir bolalarning bu qadar ko‘p muammo chiqarishi oiladagi tarbiyaga ham bog‘liq. 

Xalqimiz azaldan bola tarbiyasiga jiddiy va qattiq e’tibor berib kelgan. Bejizga «Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona», «Bola aziz, odobi undan aziz» deb aytilmagan. Bola tarbiyasida otalarning roli juda yuqori bo‘lgan.

Afsuski, bugunga kelib, yosh avlodni tarbiyalash, jamiyatning faol fuqarolari, ertangi kun umidlarini har tomonlama kamolga yetkazib, jamiyatga topshirish vazifasi ikkinchi bir tarafga —  o‘qituvchiga yuklatilgan.

Darhaqiqat, o‘qituvchi insoniyatning ulug‘ ustozi, ilm-fan bog‘ining bog‘boni hisoblanadi. Aksar o‘qituvchilar qanchalik mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lsa-da, uni hech qachon minnat qilmagani, o‘qituvchilik kasbini ulug‘lagani uchun tom ma’noda kasblar podshosi desak adashmaymiz.

Biroq bolaning bilim olishiga qo‘shib, ta’lim-tarbiyasini ham batamom o‘qituvchiga yuklab qo‘yilgani achinarlidir. Bu borada otalarning o‘rni alohida va muhim ahamiyatga ega. Otalar tarbiya deb atalmish mashaqqatli, muhim ma’suliyatdan qochmasa derdik. Hozirda otalarning bola tarbiyasidagi o‘rni qanday degan savol tug‘iladi. Afsuslanarli tomoni, bugungi kunda ayrim oilalarda otaning otalik o‘rni yo‘q darajada.

Ayrim o‘zbek kinolarida otaga xizmatkorlik ham ravo ko‘rilmaganini ko‘ramiz! Ota xotini va qizini yalpaytirib, taltaytirib o‘tqizib qo‘yib, oshxonada fartuk taqib ovqat pishiradi, choy damlaydi. Oiladagi hal qiluvchi so‘zni esa xotin aytyapti! Ba’zi kinolarda kino yakunigacha og‘zidan dadil so‘z chiqmagan er film yakunida xotin qandaydir sabab bo‘shashib qolsa, sherdek «mard» bo‘lib qoladi.

Bunday ko‘rinishlar kinodan real hayotga ham ko‘chmoqda. TVdagi ayrim tok-shoularda otasidan shikoyat qilib kelayotganlar, otasining boshidan mag‘zava to‘kayotgan, oila sirlarini butun dunyoga yoyib, zarracha afsuslanmayotgan millatdosh yigit-qizlarimizning soni ko‘paygandan ko‘payyapti!

Maktabga chaqirsang, «ota» kelmay, ona keladi. O‘g‘il bola baribir o‘g‘il bola. Bir-biri bilan mushtlashadi, urishadi, so‘kishadi. Ko‘z ko‘karadi, bosh yoriladi… Hammamizda bo‘lgan. Afsuski, bo‘lg‘usi erkaklarning bu erkakcha janjaliga ham onalar aralashyapti. Kaltak yegan o‘g‘lini yetaklab, janjal ko‘tarib maktabga ona keladi. Oqibatda o‘g‘il bolalarimiz noziklashib ketyapti. Borib onasiga shikoyat qilyapti. Qizlar bir-biri bilan urishib, uyiga yig‘lab borsa ham, qizini yetaklab, baqir-chaqir bilan ona maktabga keladi. Ayrim o‘qituvchilar o‘quvchisi maktabni bitirguncha uning otasini ko‘rmay, tanimay o‘tadi. Ota bormi o‘zi bu oilada? Bolasining tarbiyasi, o‘qishi uni qiziqtiradimi? Yoki u maktabga o‘qituvchini ta’zirini bergani keladimi?!

Otalar bolasining tarbiyasi, o‘qishi, qiziqishi, yashashi bilan qiziqmasa, bolaning hayotida zarracha o‘rni yo‘q bo‘lsa, uyda yashab turgan bir «kvartirant» desak ham bo‘ladi.

Bola uchun har narsaga balogardon bo‘layotgan onalarga katta rahmat.

To‘g‘ri, onaning tarbiyasi ham kerak. Lekin tarbiyada otaning muomalasi, otaning nazorati, otaning siri, haybati bo‘lishi kerak. Yigitlar otadan yigitcha, erkakcha tarbiya olmasa, bolaning yurish-turishida, fikrlashida salbiy ko‘rinishlar paydo bo‘ladi.

Shu sababdan ham televizorlarda sochini «xvostik» qilgan yoki qizlarning sochiga o‘xshatib turmaklab olgan, noz-ishva bilan gapiradigan «yigitchalar» ko‘paygandan ko‘payyapti.

Bola tarbiyasida otaning o‘rni katta. Bolaligimizda sho‘xlik qilsa, urishsak, ikki olsak o‘qituvchilar yoki onalarimiz «dadangga aytaman» yoki «dadang ishdan kelsin, ko‘rasan» desa bezillab hamma ishni qilar, darslarni ham vaqtida tayyorlardik. Agar maktabga biror sinfdoshimizning dadasi kelsa butun sinf pildir-pis bo‘lib ketardik. Ota otaligini qilardi! Juda kamtar, qattiqqo‘l bo‘lmasayam, ota ota edi-da! Otaga bir og‘iz gap aytish, nimadir so‘rashdan cho‘chirdik.

Onaning ko‘ngli bo‘sh. Otada sir, otada haybat bor. Maktabga o‘qituvchining ta’zirini, maktab rahbariyatining nimaga haqqi bor, nimaga yo‘qligini ko‘rsatganigina bormang. Busiz ham o‘qituvchiga aql o‘rgatadiganlar yetarli. O‘qituvchini «onasini» ko‘rsatganingizdan keyin bolangiz o‘qiydigan sinfga kirib, bolangizni o‘qishi qanday, hulqi qanday bir so‘rab qo‘ying. Bu bilan yolg‘iz bolangiz emas, boshqa o‘quvchilar tarbiyasiga ham qattiq ta’sir ko‘rsatasiz.

Maktabga ham bormang, mayli. Hech bo‘lmasa bolangiz bilan 5 minut o‘qishi haqida so‘rang. O‘zingiz bilan mavzularni surishtiring. Yo‘q deganda 9 karra 9 necha bo‘ladi deng. Poytaxtimiz qaysi shahar deng. Shuni o‘zi ham bolangizni sal bo‘lsayam bilim olishiga turtki bo‘ladi. Siz bilan uni ruhan yaqinlashtiradi. Mayli, shunda bolangizning javobidan qoniqmasangiz o‘qituvchini so‘kib tashlang, haqqingiz bor. Ertaga yana so‘rayman deb ta’kidlab qo‘ying. Eng muhimi bolangiz sizni bilimdon deb hurmati oshadi, sal bo‘lsayam o‘qishga intiladi.

Shuhratbek Samo, Facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring