Daniyada o‘qituvchilarga «jismoniy kuch» ishlatishga ruxsat berilishi mumkin
Daniya parlamenti ko‘rib chiqayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, o‘qituvchilar ayrim vaziyatlarda o‘quvchilarga nisbatan «jismoniy kuch» ishlatishiga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda mamlakat ta’lim vaziri Magnus Xeunike bayonot berdi.
Agar qonun qabul qilinsa, o‘qituvchilar ayrim vaziyatlarda o‘quvchilarni jismoniy to‘xtatib qolish yoki ularni qarshilik qilsa ham sinfdan olib chiqib ketish huquqiga ega bo‘ladi.
Vazir tushuntirishicha, bunday choralar o‘quvchilar «o‘zi yoki atrofdagilar hayotiga xavf tug‘dirgan» yoxud dars jarayonini «jiddiy ravishda buzgan» hollardagina qo‘llaniladi. Alohida ta’kidlanishicha, gap o‘quvchilarni kaltaklash yoki jismoniy jazolash haqida ketmayapti.
«Vaziyat keskinlashganda nima qilish kerakligi haqida o‘qituvchilarda hech qanday shubha qolmasligi kerak. Zo‘ravonlikning oldini olgani uchun ishdan bo‘shab ketishdan qo‘rqadigan birorta ham pedagog bo‘lmasligi shart», — dedi vazir.
Ushbu qonun loyihasining ishlab chiqilishiga mamlakat maktablarida o‘quvchilar o‘rtasida tajovuzkorlik va tartibbuzarlik holatlari ko‘payib borayotgani sabab bo‘lgan.
Daniya mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashgan pedagoglarning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i so‘nggi paytlarda bolalarning beboshliklariga tez-tez duch kelayotganini bildirgan. Deyarli har beshta sinfdan bittasida o‘qituvchilarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari kuzatilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter