O‘zbekistonda blogosfera va blogerlik qachon paydo bo‘ldi?
Bugungi kunda internet inson hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Deyarli barchamiz kunni internet bilan boshlab, u bilan yakunlaymiz. Kamiga barcha axborot manbalari va yangiliklarni ham internet orqali qabul qilinayotgan bir zamonda bloglarning ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Internet tarmog‘i bloglardan iborat bo‘lib, bloglarning o‘zaro birlashishi esa blogosferaning tuzilishini shakllantiradi. Bloglarning shakllanishi va rivojlanishi G‘arbda yuzaga kelgan «Fuqarolik jurnalistikasi» (citizen journalism) tushunchasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, internet tarmog‘ida o‘zining shaxsiy sahifasi ya’ni blogiga ega bo‘lgan fuqaro sodir bo‘layotgan voqea-xodisalarga o‘z munosabatini bildirish orqali yuzaga kelgan. Zero, blogging fuqarolik jurnalistikasining asosiy shakllaridan biri ekanligi bir qator manbalar bilan tasdiqlangan.
Blogosfera tushunchasi inglizcha «blogosphere» so‘zidan olingan bo‘lib, internet tarmog‘idagi barcha bloglarning yig‘indisi hisoblanadi. Blogosferani «tirik organizm» desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi u so‘z erkinligiga asoslangan internet faoliyatining asosi sanaladi. Bloglar juda ko‘p, lekin blogosfera hamma uchun bitta.
Demak, blogosfera – bu ma’lumotlar manbai bo‘lib, jamoatchilik fikri va qarashlarini o‘rganish uchun muhim muhit hisoblanadi hamda u ko‘pincha zamonaviy global ijtimoiy tendensiyalarni o‘rganadigan akademik va akademik bo‘lmagan ishlarda hisobga olinadi. Uning asosini bloglar va bloggerlar tashkil etadi.
Bloglarning keng tarqalishi o‘tgan asr 90-yillarining ikkinchi yarmida boshlangan. Birinchi blog 1994 yilda paydo bo‘lgan, ammo tadqiqotchilar hali ham birinchi blogni kim yaratganligi haqida bahslashmoqdalar. 2004 yilga ko‘ra 4 million blog qayd etilgan. 2008 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 133 million blog ro‘yxatdan o‘tgan. Ya’ni 4 yil ichida bloglar soni 33 baravar ko‘paygan. Albatta ularning yarmidan ko‘pi reklama maqsadida yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrdagi «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi 560-II-sonli qonunining 3-moddasida blogerlik faoliyatiga quyidagicha ta’rif berilgan «Bloger – internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan, axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs».
Yuqoridagi qonunning 12-moddasida esa veb-sayt va veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger tarqatishi taqiqlangan axborot materiallari turlarining ro‘yxati belgilab qo‘yilgan. Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, jumladan, mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, urush, zo‘ravonlik, terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish ta’qiqlanishi keltirib o‘tilgani blogerga katta mas’uliyat yuklanganing huquqiy asosi hisoblanadi. Qonun normasi veb-sayt yoki veb-sayt sahifasi egasidan axborot materialini joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishni ham talab qiladi. Mazkur normalar bajarilmagan holda tegishli veb-sayt yoki veb-sahifa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkinligi aytilgan.
Bugungi kunda dunyo hamjamiyatida singari yurtimizda ham bloggerlik faoliyati rivojlanib bormoqda. Buning isbotini har yili 14 iyun internetda «Xalqaro blogerlar kuni» sifatida yurtimizda ham nishonlanayotgani va yil yakunida bloggerlar faoliyatini sarhisob qilishga qaratilgan TEHNIKUM Bloggers Award’23, Tashkent Digital Marketing Forum doirasida «Marketing Session» va «Influencer Session» kabi tanlovlar o‘tkazilayotgani misolida ko‘rish mumkin.
«Xalqaro blogerlar kuni» g‘oyasi 2004 yilda tug‘ilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 40 dan ortiq mamlakatdan 500 kishi birlashib, butun dunyo bo‘ylab tarmoq blogerlari o‘z kunlariga ega bo‘lishi kerakligini ilgari surishgan edi. Shuningdek, «Xalqaro blogerlar kuni» bilan bir qatorda, dunyo bo‘ylab har yili 31 avgustda «Blog kuni» ham keng nishonlanadi.
Mastura Xaitova
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti
tayanch doktoranti
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter