Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda tug‘ma maymoqlik qanday davolanmoqda?

O‘zbekistonda tug‘ma maymoqlik qanday davolanmoqda?

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 100 ming nafardan ortiq bola tug‘ma maymoqlik bilan dunyoga keladi. Beparvolik yoki noto‘g‘ri muolaja oqibatida bu holat kelgusida nogironlikka sabab bo‘lishi yanada achinarlidir.

Ammo zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion davolash usullari bu tug‘ma nuqsonni kaminvaziv yo‘l bilan samarali muolaja qilish imkonini bermoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov yurtimizda Ponseti usulida yo‘lga qo‘yilgan yangi amaliyot hamda uning afzalliklari xususida ma’lumot berdi.

— Tug‘ma maymoqlik eng ko‘p uchraydigan ortopedik nuqson hisoblanadi, — deydi shifokor. — Biroq yaqin yillargacha uni davolashda qo‘llanilgan an’anaviy usullar nafaqat yetarli natija bermagan, balki ko‘p hollarda og‘ir asoratlarga ham sabab bo‘lgan.

Endi esa xavotirga o‘rin yo‘q. Markazimizda bu kasallikni ilg‘or xorijiy davlatlarda qo‘llanilayotgan Ponseti usulida muolaja qilishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Avvalo, u yuqori samara berishi va kaminvazivligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, bemor uchun katta qiyinchilik tug‘dirmaydi va sarf-xarajatlar narxi ham ancha arzon.

Tuzalish muddati qisqa va eng muhimi, asoratsiz. Shu bilan birga, bemorni muolajadan so‘ng reabilitatsiya qilishga ehtiyoj yo‘q.

Markazimiz shifokorlari bu amaliyotni uch bosqichda bajarmoqda.

Dastlabki bosqich gipslashni o‘z ichiga oladi. Unda bemorning tizzasi 90 gradus bukilgan holda butun oyoq uzunligi bo‘ylab gips bog‘lamlari qo‘yiladi va ular har 5-7 kunda uzluksiz almashtirib boriladi.

Navbatdagi bosqichda maymoqlikka xos asosiy nuqson — Axill payi kaltaligi bartaraf etiladi. Payni uzaytirish jarayoni terini kesmasdan, narkozsiz va choksiz amalga oshiriladi.

Bu amaliyotdan keyin bemor oyoqlariga yana 3 hafta davomida gips bog‘lami qo‘yiladi.

So‘nggi bosqichda maymoq oyoqqa maxsus moslama – Breyslar taqiladi. Bu kasallik qaytalanishining oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur jarayon davomiy bo‘lib, bemor dastlabki 3 oy ichida sutkaning 23 soatida mazkur moslamani taqib yurishi zarur. Keyinchalik ushbu miqdor bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.

Quvonarlisi, bu yangilik minglab bemorlarning uzoq yillik darddan og‘ir operatsiyalar hamda jarohatu asoratlarsiz xalos bo‘lib, sog‘lom hayotga qaytishiga imkoniyat yaratmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring