Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident jamoat xavfsizligi tizimini ko‘zdan kechirildi (foto)

Prezident jamoat xavfsizligi tizimini ko‘zdan kechirildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazini borib ko‘rdi.

Bu markaz O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi doirasida tashkil etilgan. Majmua mukammal ta’mirlanib va zamonaviy jihozlanib, shu yil martda ishga tushirilgan.

Markaz jamoat xavfsizligi jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot makonidir. Bu yerda joylardagi vaziyat va xodimlarning ish-harakati raqamli texnologiyalar orqali tahlil qilib boriladi. Xususan, 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlarining faoliyati 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat qilinadi va baholanadi.

Bunda «Ye-Jamoat xavfsizligi», «Ye-Ijtimoiy vaziyat» kabi dasturlar, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari hamda 6 mingdan ziyod «aqlli» kuzatuv kameralari integratsiyasi qo‘l kelmoqda. Shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l patrul, post patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quvlar o‘tkaziladi. Ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tezkor choralar ko‘rish o‘rgatiladi.

Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, soha xodimlari yuqori texnologiyalarni yaxshi bilishi lozimligini ta’kidladi.

Bugungi kunda barcha sohalarda sun’iy intellektning o‘rni kengayib bormoqda. Insonlarga qulaylik yaratadigan dasturlar bilan birga kiberjinoyatchilik, firibgarlik usullari ham ko‘paymoqda. Bunday jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va fosh etish uchun ichki ishlar xodimi undan-da ilg‘or, ziyrak bo‘lishi kerak.

Shu bois markazdagi uchrashuvga huquq-tartibot idoralari huzuridagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari taklif etildi. Ulardagi o‘quv dasturlarini shu nuqtai nazardan takomillashtirish, dual ta’lim tizimini joriy etish, darslar va ilmiy ishlarning hayot bilan hamnafasligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligida uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash bo‘yicha tuzilma tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan jamoat xavfsizligi bo‘yicha strategiyada 2025 yil yakuniga qadar tizimni raqamlashtirishni 90 foizga yetkazish belgilangan. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu borada axborot berildi.

Bu jarayon uch bosqichda amalga oshirilmoqda.

Birinchi bosqichda muammolar o‘rganilib, ikkinchisida shu asosida mutaxassislar va dasturlar tayyorlandi. Jumladan, 66 ta axborot tizimi va modullari ishlab chiqildi.Ularga vazirlik va idoralarning 77 ta hamda Ichki ishlar vazirligining 25 ta axborot tizimi integratsiya qilindi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari xodimlari 18 mingdan ziyod planshetlar bilan ta’minlandi hamda raqamli qurilmalardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘qitildi.

Natijada 155 ta hisobot, 37 ta ish yuritish sohasi, yuzga yaqin qaydnoma va yig‘ma materiallar raqamlashtirilgan. Buning hisobiga 213 milliard so‘m tejalishiga erishilgan.

Endi, uchinchi bosqichda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi tashkil etib, sohaga sun’iy intellektni keng joriy qilish, uskunalarni mahalliylashtirish kabi maqsadlar qo‘yilgan.

Shu yerda ichki ishlar tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va anjomlar namoyish qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring