Prezident ko‘mir qazib chiqarishni oshirish zarurligini aytdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni geologiya sohasida qilingan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizning o‘sib borayotgan iqtisodiyotini resurslar bilan ta’minlashda geologiya strategik ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda bu sohaga yiliga 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar o‘rganildi.
Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar evaziga noruda konlarga investorlar jalb qilindi. Bugungi kunda sohada 1 milliard 700 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Konlar va ularni o‘zlashtirish ko‘lamini kengaytirish mumkin.
Taqdimotda shu boradagi istiqbolli loyihalar, xususan, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari uni tinglab, yaqin va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada uzoqni ko‘zlash va zamondan ilgari yurish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bois marrani katta olib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Sohaga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalari qo‘yildi.
Aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘mir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter