Prezident muborak Ramazon oyiga oid qarorni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida qarorni imzoladi.
Unda aytilishicha, «Xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:
1. 2024-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 11-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinadi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiriladi.
Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor beriladi».
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Musulmonlar idorasi kuzatuvlarga ko‘ra, Ramazon oyi 11-martdan boshlanishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, zakot, fitr va fidya miqdorlari, taroveh namozi vaqtlari ham ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter