Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tabiat ikki do‘stidan ayrildi...

Tabiat ikki do‘stidan ayrildi...

foto:xabar.uz

Tabiat ikki do‘stidan ayrildi...

Bolaligimda qarg‘aga umuman e’tibor bermasdim. Chunki u men uchun shunchaki qag‘illab uchib yuradigan, hech qanday qizig‘i yo‘q oddiy qora qush edi-da. Uning ham o‘z dunyosi, o‘z odatlari, hatto fe’l-atvori borligi xayolimga ham kelmagan.

Bu qushga qachon mehrim tushdi?

Taxminan uch yillar avval Gosha ismli qarg‘a bildan internetda tanishdim. Uning egasi Aleksandr Chugaynov Goshaning odatlari, qiliqlari, odam bilan munosabatini videolarda ko‘rsatar, men esa kundan-kunga Goshaga bog‘lanib borardim va o‘zim bilmagan bir haqiqatni kashf qildim, qarg‘a shunchaki qag‘illaydigan qora qush emas...

Aleksandr Goshani 2020-yilda o‘rmondan topib oladi. U juda kichik va yordamga muhtoj qarg‘a bolasini uyiga olib kelib parvarish qiladi, keyin esa Goshaning o‘sishi, fe’l-atvorini kameraga ola boshlaydi. Videolar tarqaldi, Gosha millionlab odamlarning eng qadrli jonzotiga aylandi.

Foto: ochiq internet manba

Bundan bir hafta oldin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uning vafoti haqidagi xabarni o‘qiganimda nafaqat men, uning yuzlab obunachilari qayg‘urdi.  

Ijtimoiy tarmoqlarda biror blogerning vafoti haqida xabar tarqalsa, uni hayotligida kuzatmaganlar ham sahifasiga kiradi. «O‘zi kim ekan? Nima qilardi? Odamlarga qanday foydasi tekkan?» deb qiziqadi. Ba’zida sahifani aylantirib, hech narsa topolmay chiqib ketasiz. Mashhurlik bor, ko‘rishlar soni million-million, auditoriya bor. Ammo u auditoriyasiga nima bergan degan savolga javob topolmaysiz.

Lekin shunday insonlar borki, ularning qadri aynan ketganidan keyin yanada bilinadi. Ularni odamlar shunchaki «yaxshi bloger edi» deb emas,  nimadir qoldirib ketgani uchun eslaydi. Aleksandr Chugaynov ana shunday insonlardan edi. U odamlarga qarg‘ani tamoman boshqacha rakursda ko‘rsata oldi. U qarg‘a haqida kitob yozmadi, hech qayerda ma’ruza qilmadi, balki qush bilan samimiy do‘stligini ko‘rsatdi.

Bu yil rostdan ham tabiat uchun, uni sevganlar uchun juda og‘ir keldi. Iyul va avgust oylarida tabiat o‘zini odamlarga anglashga undagan ikki do‘stidan ayrildi.

Aleksandrdan oldinroq iyul oyida germaniyalik 45 yoshli zoolog Lidiya Myoklingxoff hayotdan ko‘z yumdi. U Braziliyadagi Pantanal botqoqliklarida maydon tadqiqotlarini olib borayotganda, Kampo-Grande yaqinida samolyot halokatiga uchradi. Lidiyaning tun-kun mehr bergan dunyosi katta chumolixo‘rlar bilan bog‘liq edi.

Katta chumolixo‘rni birinchi ko‘rgan odam uning qanday jonzot ekanini bir qarashda anglolmasligi mumkin. Uzun, trubkasimon tumshug‘i, mayda ko‘zlari, uzun tili va baquvvat tirnoqlari bilan u ko‘pchiligimiz uchun shunchaki g‘alati va kulgili ekzotik hayvon bo‘lib qolishi mumkin edi. Agar Lidiyadek bloger bo‘lmaganida...

Foto: ochiq internet manba

Lidiya 2009-yildan beri har yili Braziliyaga borib, bu kam o‘rganilgan jonzotlarni tadqiq qildi. Ilmiy ishlaridan tashqari, o‘zining podkastlari hamda radiodagi chiqishlari orqali chumolixo‘rni butun dunyoga tanitdi. Ayniqsa, radioeshittirishlari orqali bolalarga tabiatni shunchaki «chiroyli rasm» sifatida emas, balki mehnat, qidiruv va haqiqiy jonli hayot sifatida tushuntirdi. Lidiya chumolixo‘rga insonning mehrini va e’tiborini olib keldi.

Ularning sahifalari orqali odamlar qoldirayotgan izohlarni o‘qir ekansiz, shu asnoda juda katta haqiqatni anglaysiz. U yerda shunchaki sovuq ta’ziyanomalar emas, samimiy qalb og‘riqlari va minnatdorlik yozilgan: «Men Aleksandr orqali qarg‘alarni yaxshi ko‘rib qolgandim...», «Men Lidiya orqali chumolixo‘r degan jonzotga mehr qo‘ygandim...», «Nahotki shunday odamlar o‘tib ketsa? Axir ular shunchalar foydali, jonli va kerakli kontent olayotgan edi-ku!»

Nega ular uchun odamlar qattiq qayg‘urishmoqda?  

Chunki bu ikki insonning blogida aytadigan so‘zi, yo‘nalishi bor haqiqiy bloger edi. Ular odamlarning vaqtini o‘g‘irlab bo‘lar-bo‘lmas video kontent yaratmadi, har qanaqa yo‘l bilan bo‘lsada obunachi yig‘ishga harakat qilmadi. Ular odamlarga yangicha nigoh, boshqacha mehr  orqali tabiat bilan do‘stlashishni o‘rgatdi.

Aleksandr va Gosha o‘rtasidagi do‘stlik tufayli keyinchalik boshqalar ham qarg‘alarga mehr ko‘rsatishni, ular haqida kontent olishni boshladi.

Lidiya biz yaxshi tanimagan chumolixo‘rni tushunishga, sevishga undadi. Lidiya tufayli hech kim e’tibor bermagan boshqa jonzotlar haqida videolar ko‘paydi.

Bu ikki blogerning ishida bir umumiylik bor edi: tabiat bilan odam o‘rtasida samimiy ko‘prik bo‘lish. Endi ularning sahifalarida yangi videolar paydo bo‘lmaydi. Ammo yangi izohlar, yangi e’tiroflar paydo bo‘lishda davom etyapti. Har safar ularning sahifasiga kirganimda, kechagi izohlar orasida yana bir yangi xotirani ko‘raman. Kimdir ularning sahifasiga yangi video izlab kirganini, kimdir qayg‘uga botganini va yana kimdir «men ham shu inson sabab tabiatni sevdim» deb o‘z hikoyasini yozib qoldiradi.

Shunda o‘yladim, insonning umri yuragi urishdan to‘xtagan kuni tugaydimi? Yoki u kimningdir nigohini, qalbini o‘zgartirgan bo‘lsa, o‘sha insonlarning mehrida yashashda davom etadimi?

Agar inson atrofidagilarga mehr ulasha olgan bo‘lsa, umr hech qachon tugamaydi.

Ular tabiatni shunchaki suratga olishmadi, ular tabiatning tilini odamlarga tarjima qilib berishdi. Va aslida haqiqiy qahramonlik ham shu: bu dunyodan ketganingdan keyin ham kimningdir nigohida, kimningdir mehrida yashab qolish.

 

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring