Anomal issiqdan saqlanish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 13–17 iyul kunlari respublika hududiga janubdan o‘ta issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati 44–46°S gacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Anomal issiq havo insonlar bilan bir qatorda mamlakatimizdagi yashil hududlar, daraxtlar, butalar va hayvonot dunyosi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Daraxtlarning qurib qolishi, yashil hududlarning zararlanishi hamda suv tanqisligi ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu munosabat bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi barcha yurtdoshlarimiz va mutasaddi tashkilotlarni ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqiradi.
Xususan, yurtdoshlarimizga quyidagilar tavsiya qilinadi:
1. Kunning eng issiq vaqti – soat 11:00 dan 17:00 gacha imkon qadar ochiq havoda bo‘lmaslik;
2. Yetarli miqdorda suv iste’mol qilish, yengil va och rangli kiyimlar kiyish hamda quyosh nurlaridan himoyalanish;
3. Bolalar, yoshi ulug‘ insonlar va salomatligida muammosi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratish;
4. O‘rmonlar, dam olish maskanlari va boshqa yashil hududlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, ochiq olov yoqmaslik hamda yonuvchan chiqindilarni tashlab ketmaslik;
5. Xonadon va mahalla hududidagi qarovsiz qolgan daraxtlarga befarq bo‘lmaslik, ularni qurib qolishdan asrash choralarini ko‘rish;
6. Xonadonlar va mahallalardagi daraxt hamda butalarni erta tongda yoki kechqurun muntazam sug‘orish, tuproq namligini saqlash maqsadida ildiz atrofi tuprog‘ini yumshatish va imkoniyatdan kelib chiqib organik qoplama (mulcha) qo‘llash;
7. Daraxtlar va boshqa yashil hududlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilish.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter