Prezident O‘zbekiston quruvchilariga bayram tabrigini yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston quruvchilariga bayram tabrigi yo‘llandi.
Avvalo, o‘z hayotini dunyodagi eng sharafli kasblardan biri bo‘lgan qurilish sohasiga bag‘ishlagan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hech shubhasiz, bugun biz ko‘p millatli xalqimiz bilan birgalikda barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan eng muhim o‘zgarishlar haqida so‘z yuritganda, barcha mintaqa va hududlarimizni qamrab olgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida alohida fikr yuritishimiz tabiiydir.
Chindan ham, so‘nggi yillarda yurtimiz ulkan qurilish va bunyodkorlik mamlakatiga aylandi. Xalqimizning ko‘z o‘ngida qad rostlayotgan zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l va transport tarmoqlari, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bog‘ va xiyobonlar, obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasida sizlarning beqiyos kuch-g‘ayratingiz, yuksak salohiyat va mahoratingiz mujassam ekanini e’tirof etgan holda, barchangizni yangi hayot bunyodkorlari deya e’zozlab, fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkur bildiramiz.
Qadrli bunyodkorlar!
Ma’lumki, hozirgi kunda qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida qurilish ishlari hajmi 2023 yilga nisbatan 10 foizdan ziyod ortib, salkam 80 trillion so‘mga yetgani, sohaning yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushi 6 foizdan ko‘proqni tashkil etayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmog‘idagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilmoqda. O‘tgan yili birgina investitsiya dasturi doirasida 2 ming 526 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgani, “Tashabbusli budjet” tizimi asosida mahallalarimizdagi 4 mingdan ortiq ob’yektda 4,5 trillion so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani ham shundan dalolat beradi.
Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalar qo‘lga kiritilayotganini ta’kidlash lozim. Oxirgi yetti yarim yilda jami 412 mingta kvartiradan iborat yoki 26 million kvadrat metrlik qariyb 10 mingta uy-joylar barpo etilgani misolida bunga to‘la ishonch hosil qilish mumkin.
Bu ishlarimizning davomi sifatida joriy yilda 52 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. “Yangi Toshkent” va Olimpiya shaharchasi kabi mega ob’yektlarimizda ham bunyodkorlik ishlari yuqori sur’atlar bilan olib borilmoqda. Sohada “yashil” standartlar, energiyani tejaydigan yangi texnologiyalar, “aqlli shahar”, “aqlli uy” tamoyillari faol qo‘llanmoqda.
Qurilish sohasida birinchi marta yuqori malakali kadrlar, mustahkam materiallar, mashina va mexanizmlar bazasi hamda mezonlarni o‘zida ifoda etadigan resurslar milliy klassifikatori shakllandi, mutaxassislarni sertifikatlash tizimi joriy qilinib, Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etildi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Qurilish sohasini bugungi shiddatli zamon talablariga mos holda rivojlantirish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish va ularning ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bugungi kunda g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shuningdek, loyiha tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, qurilish materiallari bozorini tartibga solish, raqamlashtirish ishlarini chuqurlashtirish, bino va inshootlarda qulay va ekologik xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish, energiya samaradorligini oshirish, qurilish ishlari jarayonida xavfsizlik va ta’sirchan nazoratni ta’minlash bo‘yicha oldimizda katta vazifalar turganini siz – sohada katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan ishchi va quruvchi, me’mor va muhandislar, olim va mutaxassislar yaxshi bilasiz.
Ishonchim komil, sizlar ana shunday murakkab va mas’uliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda yanada jonbozlik ko‘rsatib, qurilish sohasi ravnaqini yangi bosqichga olib chiqasizlar.
Albatta, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, ish va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga biz bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, tuganmas kuch-g‘ayrat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.
Jonajon Vatanimizni har tomonlama go‘zal va obod etishda sizlarga yangi zafar va omadlar yor bo‘lsin! — deyiladi Shavkat Mirziyoyev tabrigida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter