PZR-test natijalarini qalbakisidan qanday farqlash mumkin?

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda mamlakatimiz fuqarolarining xorijga chiqish oldidan litsenziyaga ega bo‘lmagan laboratoriyalardan «COVID-19» uchun qalbaki PZR-test natijalarini sotib olish hollari kuzatilmoqda.
Aeroportda yoki qo‘shni mamlakatlar bilan chegaradosh hududlarda ushbu testlarning QR-kodlari tekshirilganda, qalbaki ekani aniqlanmoqda.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatdan chiqib ketish uchun faqatgina jo‘nash vaqtidan 72 soat oldin amalga oshirilgan PZR-testining «salbiy» natijasi o‘z kuchiga ega bo‘ladi.
Yurtimiz hududidagi PZR-test topshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan laboratoriyalar ro‘yxati Cog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida taqdim etilgan.
Shu bois, fuqarolarimizdan bu borada e’tiborliroq bo‘lishni va quyida keltirilgan test natijalari originalini qalbakisidan ajratishni hamda qalbaki natijalarni sotib olmasliklarini so‘rab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, bunday holatlar aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga ko‘ra, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.
Hamyurtlarimiz qalbaki PZR-test natijalarini sotib olib, O‘zbekiston chegarasidan chiqib ketgan taqdirda ham o‘zga davlat aeroportlarida qo‘lga tushib, qaytib deport qilinadi. Shu bilan birga, ular jinoiy javobgarlikka ham tortiladi.
Shuningdek, Rossiyaga O‘zbekiston hududidan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun 2021-yilning 1-sentyabridan «Puteshestvuyu bez COVID» («COVID»siz sayohat qilaman») ilovasidan foydalanish majburiy bo‘ladi. Ilovaning funksionalligi shundaki, u Rossiyadagi mas’ul shaxslarga ham har qanday smartfonda standart QR-kod yordamida test natijalarini tekshirish imkonini beradi.
Ushbu ilova ham mamlakatimizda tasdiqlangan laboratoriyalar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Test natijalari va ularning QR-kodlarini fuqarolarning o‘zlari bevosita ilovada saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter