Qashqadaryolik yoshlarning loyihalari uchun 54 milliard so‘m ajratildi

Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va bu orqali yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida viloyat yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda tashkilot rahbarlari, «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi direktorlari, viloyatdagi yosh tadbirkor va tadbirkorlikka qiziqishi bor bir guruh yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvni viloyat hokimi kirish so‘zi bilan ochib, Prezidentimizning tegishli farmonlari asosida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, uning mablag‘laridan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish, band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish kabi maqsadlarni o‘z oldiga maqsad qilganini ta’kidladi.
— Bunday e’tibor — katta mas’uliyat, — dedi viloyat hokimi. — Imkoniyatdan to‘g‘ri foydalangan har bir yosh kelajakda ham oilasiga, ham mahallasiga, va albatta, jamiyatga foyda keltiradigan tadbirkor bo‘lib yetishadi. Jamg‘arma hisobidan viloyatga keladigan 54 milliard so‘m Siz yoshlarning tashabbus va loyihalaringizni ro‘yobga chiqarishga qaratiladi.
Uchrashuv davomida yosh tadbirkor va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlarning muammo va takliflari tinglanib, ularga shu joyning o‘zida yechim topildi.
Shuningdek, yosh tadbirkorlarni o‘zlaridan suhbat orqali saralab olingan jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limi direktorlari yoshlarga tanishtirildi. Ularga yoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lishlari uchun zamonaviy uyali aloqa vositalari taqdim etildi.
Ahror Sodiqov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter