Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati bayrami bo‘lib o‘tdi (foto)

Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati bayrami bo‘lib o‘tdi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumki, o‘zbek va qozoq xalqlari asrlar davomida do‘st-qadrdon, yaxshi-yomon kunlarda bir-biriga yelkadosh bo‘lib kelgan. Bu ikki xalqni bir-biriga bog‘lab turadigan mushtarak jihatlar ko‘p. Bugungi kunda ham mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Bunda ikki davlat rahbari tomonidan imzolanayotgan tarixiy hujjatlar, o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar muhim o‘rin tutadi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan 2018-yilning «Qozog‘istonda O‘zbekiston yili» deb nomlanishi munosabati  bilan Qozog‘istonda o‘zbek xalqining madaniyati, adabiyoti va san’ati, tarixiy qadriyatlariga bag‘ishlangan turli uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

22-sentyabr Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyatida o‘tkazilgan tadbirlarda ham ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni tobora mustahkamlanib borayotganining amaldagi isboti bo‘ldi. Tadbirda har ikki xalqning adabiyo va san’at namoyandalari, madaniyat markazlari vakillari, OAV vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekistondan borgan yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar Turkiston viloyatining shahar va qishloqlarida bo‘lib, turli uchrashuvlar o‘tkazishdi. Konsert dasturlari namoyish etildi.


2018-yilning iyun oyida Janubiy Qozog‘iston viloyatining nomi Turkiston deb o‘zgartirilgan, unig markazi — Chimkent respublika ahamiyatiga molik shahar, Turkiston shahri esa viloyat markazi deb e’lon qilingan edi. 


Asosiy tadbirlar Turkiston shahrida bo‘lib o‘tdi. Dastlab mehmonlar shaharning tarixiy obidalari, Xoja Ahmad Yassaviy yodgorlik majmuasi bilan tanishdilar. Sohibqiron Amir Temur tashabbusi bilan qurilgan bu inshootda Yassaviya tariqatining asoschisi, turkiy adabiyotning yetuk vakili Xoja Ahmad Yassaviyning xoki mangu orom olmoqda. Buyuk temuriyzoda hukmdor va olim Mirzo Ulug‘bekning to‘rtinchi qizi Robiya Sultonbegim ham shu maqbara yaqinida dafn etilgan.

Turkiston viloyati hokimi Janseit Tuymebayev mehmonlarni tashrif bilan qutlar ekan, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning ahamiyati, madaniy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ma’lumki, Turkiston viloyatida yuz minglab millatdoshlarimiz istiqomat qiladi. Bugun Qozog‘istonda o‘zbeklarning o‘z tilida ta’lim olishi, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash va rivojlantirishga yetarlicha ahamiyat qaratilmoqda. Viloyatda, «Janub jarchilari», «Yassaviy nuri», «Sayram sadosi» singari o‘nlab gazeta va jurnallar, kitoblar nashr qilinadi. Bir qator madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Azal-azaldan bu ikki xalqning tarixi ham, taqdiri ham, urf-odatu an’analari ham bir-biriga bog‘lanib ketgan, — deydi «Janubiy Qozog‘iston» gazetasi bosh muharriri Alisher Sotiboldiyev. — Bugun ikki davlat rahbarining sa’y-harakatlari tufayli bu hamkorlik yil sayin taraqqiy etib borayotir. Biz, Qozog‘istonda yashovchi o‘zbeklar har ikki mamlakatni o‘z vatanimiz deb bilamiz, ardoqlaymiz. Bunday tadbirlar birinchisi ham, oxirgisi ham emas.

Tadbir davomida Qozog‘istonda yashovchi o‘zbek hunarmand va ustalari yaratgan xalq amaliy san’ati namunalari, milliy taomlar ko‘rgazmalari, sport musobaqalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar G‘iyos Boytoyev, Dilnoza Ismiyaminova ijrosidagi qo‘shiqlar barchani xushnud etdi.

Rustam Jabborov,
Abror Zohidov,
Toshkent — Turkiston — Toshkent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring