Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqibiga qaynuka bo‘lishga majbur podshoh qismati

Raqibiga qaynuka bo‘lishga majbur podshoh qismati

Sulh shartini eshitgan yosh podshoh alamini kimdan olishni bilmadi. Axir elchiga o‘lim yo‘q, deyishgan. Shu bois u onasi, yaqin a’yonlari bilan kengashdi. Qamal tufayli bardoshi tugagan saroy ahli, qolaversa, onasi ham, sulh sharti naqadar og‘irligiga qaramay, rozi bo‘lishdan boshqa iloj topisholmadi.

Shu tariqa, 1501-yilda qal’a ichkarisida noiloj qolgan yosh podshoh Samarqandni qamal qilib turgan Shayboniyxonga o‘z tug‘ishgan opasini turmushga uzatishga majbur bo‘ldi...

Temuriylardan bo‘lgan Umar Shayx Mirzo Farg‘ona vodiysining hukmdori bo‘lib, uning Qutlug‘ Nigor xonim, Fotima, Umid Og‘ocha, Og‘o Sulton, Mahdum Sultonbegim, Ulus Og‘o, Qorako‘zbegim, Tun Sulton ismli sakkiz xotinidan uch o‘g‘li, besh qizi bo‘lgan. Katta xotini Qutlug‘ nigor xonimdan Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Xonzodabegim ismli ikkita farzandi bor edi.

Otasining o‘limidan so‘ng taxtga chiqqan Bobur toj-taxt uchun kechgan kurashlarda Andijon, gohida Samarqandni qo‘lga olib hukmronlik qilgan, ba’zida kuchlar nisbati teng bo‘lmay taxtni qo‘ldan chiqargan, raqiblari bilan ayovsiz kurashlar olib borgan. Uning eng katta raqibi Shayboniyxon edi. Bobur o‘zaro bir qancha urushlarda goh mag‘lub bo‘lsa, gohida zafar quvonchini nishonlab turardi.

1501 yilda Bobur Samarqand taxtiga o‘tirar ekan, raqibi Shayboniyxon qal’ani qurshab oldi. Qamal ko‘pga cho‘zilganligi sababli shaharda ocharchilik hukm surib, o‘lim ko‘paydi. Hatto, yosh podshoh Bobur ozgina qo‘shini bilan ham qamalni yorib chiqishga imkon topa olmasdi.

«Boburnoma»da yozilishicha: «bu mahalda Shayboniyxon sulh so‘zini oraga soldi». Bobur shundan keyingi voqea tafsilotini, o‘z yaqinlari bilan Shayxzoda darvozasidan chiqib ketganida: «menim egachim Xonzodabegim ushbu chiqqonda Shayboqxonning iligiga tushdi», deya tasvirlaydi. Xo‘sh, aslida-chi?

Aslida voqea bo‘lgan. Bu mudhish voqeani Bobur tilga olishga botinolmadi, chunki u o‘zidan besh yosh katta opasi Xonzodabegim qamaldan chiqishda qo‘lga tushmaganini, uni raqibi Shayboniy xotinlikka olganini yozishga qo‘li bormagandi. Qanday yozsin: o‘z raqibiga qaynuka bo‘lib tursa-ya! Boburning qizi Gulbadanbegim «Humoyunnoma» asarida mazkur voqea haqida shunday bitgan: «Shohibekxon (ya’ni Shayboniyxon) agar o‘z singlingiz Xonzodabegimni menga bersangiz, oramizda sulh tuziladi va ittifoqchilik o‘rnatiladi, deb aytgizib yuboradi. Oxir Xonzodabegimni o‘sha xonga berib, o‘zlarining qaytishlari zarur bo‘ldi».

Mirzo Muhammad Haydar ham «Tarixi Rashidiy» asarida «uning (Boburning) qarshilik ko‘rsatishiga hech chorasi qolmay, Shohibek bilan sulh tuzib, o‘z egachisi Xonzodani unga berdi», deb voqeani qayd etgan.

«Shayboniynoma» muallifi Muhammad Solih esa qamal paytida Shayboniyxon Xonzodabegim nomiga ishqiy bayt yozib, agar nikohiga kirsa, ukasi Boburning boshidan bir tuk tushmasligiga kafolat berurman, deya aytgandi. Aslida bu o‘sha zamon udumiga binoan tabiiy hol edi. Yana nozik jihati shuki, opasini shar’iy nikohiga olib, Shayboniyxon Boburga nisbatan ehtiromini namoyish qiladi. Qarindoshlik rishtalari bog‘langanidan so‘ng esa g‘animlik chekkaga chekinishi ma’lum.

Ammo mazkur hodisadan Muhammad Solih ustalik ila foydalanadi. Chunki uning yuragida temuriylarga nisbatan gina-kudrat mavjud edi. Yaqinlarini temuriylar qatl etishgan. O‘zi ham temuriylar saltanatidan haydab yuborilgan. Ana shu alamzadalik bois shoir qasdini Boburdan oladi. Shayboniy va Boburning opasini bir-biriga oshiq-ma’shuq tarzida tasvirlaydi. Aynan shuning bayoniga sahifalar ajratadi va pirovardida intim holatlarga urg‘u beradi. Bu Muhammad Solihning naqadar g‘arazgo‘y bo‘lganligini ko‘rsatadi. Hayotda, adabiyotda ham Bobur samimiy inson edi...

«Shayboniynoma»dagi ishqiy nomada Boburga qarata:

Aylayin shart sening boshing uchun,

Bo‘lma g‘amnok qarindoshing uchun,

Hech yamonlik ango ovutmog‘oli.

Seni tulmurtub, ani tutmog‘oli.

Har qayon xotiri istar borsun,

Borsun, onchaki yururdan horsun...

deb yozgan ekan.

...Onasi Qutlug‘ Nigor xonim taqdirning bu achchiq kunlaridan zorlanib, Xonzodabegim esa kuyinib, qamal davom etavergach, shart qanchalik og‘ir bo‘lmasin, sulhga ko‘nishdi. Bobur raqibiga o‘z opasining turmushga chiqishiga rozi bo‘lib, shaharni tark etdi. Shu tariqa 23 yoshli navnihol Xonzodabegim ukasining raqibiga topshiriladi.

Shayboniyxon to‘y qilib, Xonzodabegimni o‘z shar’iy nikohiga oladi. Biroq qaynukasi Bobur, garchi shaharni tashlab chiqib ketgan bo‘lsa-da, boshqa hududlarda – Toshkent, Badaxshon, Kobul, O‘ratepa, Piskentda yurganida uning izidan borib, urush qildi.

Xonzodabegim bundan kuyinib, Shayboniyning haramida yurar ekan, Boburni, onasini o‘ylar, ammo hech nima qila olmasdi. Uning qismatiga Shayboniydan bir o‘g‘il ko‘rish ham yozilgan ekan. Shayboniy farzandiga Xurrambek deya ism qo‘ydi. Biroq uning iqbolini ko‘rolmay, 1510-yil 4-fevraldagi eroniylar bilan kechgan jangda o‘ldirildi. Otasi shahid bo‘lganidan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay, Xurrambek ham vafot etdi...

Shundan keyin Xonzodabegim Kobulda turgan ukasi Boburning yoniga boradi. Bobur ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rgan opasiga iltifot ko‘rsatib, mudom saroyida maslahatchi sifatida o‘ziga loyiq o‘ringa ko‘tardi. Xonzodabegim bilim-tafakkuri, aql-idroki bilan Boburga, uning o‘limidan so‘ng esa Humoyunga eng yaqin maslahatgo‘y bo‘ldi.

Xonzodabegim hayoti davomida mashaqqat chekaverib, qolaversa, ukasi Boburning vafotidan kuyinib, tez-tez kasallanib qola boshladi. Natijada 1544-yili Qobilhaq degan mavzeda hayotdan ko‘z yumdi. Oradan uch oy vaqt o‘tib, uning xokini Qobulga – ukasi Boburning maqbarasi yoniga dafn etishdi.

Butun umri ukasining, boburiylar saltanatida adolatli hukm o‘rnatilishiga kamarbasta bo‘lgan, ona shahri Andijonning diydoriga to‘ymay ketgan Xonzodabegim hayotda 66 yil umr kechirgan edi.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring