Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rishton haqida nimalar bilamiz? Hokim murojaat qildi

Rishton haqida nimalar bilamiz? Hokim murojaat qildi

Rishton deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga sopol va chinni buyumlar keladi. Bejizga emas, albatta, o‘zbek kulolchiligining etaloni aynan shu tumanda joylashgan. Rishton tuman hokimi Sufhonjon Soliyev 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida qilgan murojaatida bu sohaga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Kulolchilik
Rishton tumanida 2020 yilning 9 oyi davomida 230,0 mlrd so‘mlik sanoat maxsulotlari ishlab chikarilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105.4 foizga o‘sib, aholi jon boshiga 1.2 mln so‘mni tashkil etmoqda. Albatta ushbu raqamning salmoqli qismi kulolchilikka ham to‘g‘ri keladi.

— Hozirgi rivojlanish davrida raqobatga dosh berish oson emas. Rishton kulolchiligi o‘ziga hos brendga ega bo‘lsa ham, agar ishlab turmaganimizda bozordagi o‘rnimizni yo‘qotib qo‘yardik. Hatto o‘zimizga ham Xitoydan chinni mahsulotlar katta partiyada kirib kelishni boshlagandi. Bu raqobat bizga bir narsani o‘rgatdi — eski texnologiya bilan uzoqqa bora olmaymiz. Shu sababli tumandagi tadbirkorlar Xitoydan chinniga gul bosadigan yangi texnologiyalar olib kelib, o‘rnatishdi. Bugungi kunda ishlab chiqarish ko‘lami va mahsulot sifati ko‘tarilgani uchun O‘zbekistonda importga deyarli zarurat qolmadi. Boz ustiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga chinni mahsulotlarimizni eksport ham qilmoqdamiz.

Bu hali hammasi emas. Tadbirkorlarimiz shunchaki Xitoydan chinni tayyorlanadigan pechlarni olib kelish bilan cheklanmasdan, uning analogini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi. Kerakli qismlarni o‘zimizdagi tokar, elektrik va chilangarlar yasab berishmoqda. Oqibatda bitta zamonaviy pechni olib kirish 20 ming dollarga tushsa, o‘zimizning ustalar undan qolishmaydiganini 10 ming dollarga tayyorlab, yetkazib berishyapti.

Yapon maktabi
Rishton tumanida yapon maktabi faoliyat olib bormoqda. Unda farzandlarimiz xorij tilini o‘rganmoqda.

Yaponiyaning Kioto prefekturasidagi Maydzuru shahri va Rishton tumani o‘rtasida do‘stlik memorandumi imzolangan. Ushbu hamkorlik doirasida choy plantatsiyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Plantatsiyada yapon choylari mahalliylashtiriladi.

Turizm
Oxirgi yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar amalga oshirilyapti. Rishton ham bu tadbirlardan chetda qolmayapti, tabiiyki bu borada ham mahalliy brend hisoblanadigan kulolchilikka e’tibor qaratiladi.

Mana shu tashabbus doirasida Rishton tumani Farovonlik MFY To‘qimachi ko‘chasidan 2,0 ga yer maydoni ajratilib, «Kulollar shaharchasi» qurildi. Ushbu tashabbusning o‘ziga hosligi shundaki, shaharchada 50 nafar kulol nafaqat ishlaydi, o‘z mahsulotlarini sotadi, balki oilasi bilan birga istiqomat qilishi ham mumkin.

Bu yerga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar nafaqat ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishadi, chinni idishlar sotib oladi, balki hunarmandning uyida mehmon bo‘lishi ham mumkin.

«Kulollar shaharchasi»ga yaqin xududda joylashgan «Xo‘ja Rushnoiy» ziyoratgoxi ham restavratsiya qilinib obodonlashtirildi va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun masjid qurildi. Shuningdek, 2021 yilda buyuk alloma Burxoniddin Ar-Roshidoniy ziyoratgoxini obodonlashtirish orqali horijiy sayyoxlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Deputatlar so‘rovi
Sufxonjon Soliyevning murojaati yakuniga yetgandan so‘ng Rishton tuman Xalq deputatlari kengashi deputatlari tegishli masalalar bo‘yicha hokimga savol berishdi. Deputatlar yo‘l qurilishi, elektr energiyasi ta’minoti, internet tezligi va boshqa masalalarni ko‘tarib chiqishdi.

Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring