Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayg‘oqlar kamaydi, cho‘l toshbaqalarining bir necha turi yo‘qoldi, qor qoploni xavf ostida – Ekologiya ogohlantirmoqda

Sayg‘oqlar kamaydi, cho‘l toshbaqalarining bir necha turi yo‘qoldi, qor qoploni xavf ostida – Ekologiya ogohlantirmoqda

Toshkentda 2024 yil 4-5 mart kunlari «Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiat jinoyatlariga qarshi kurashishda salohiyatni oshirish va ko‘maklashish» xalqaro loyihasi bo‘yicha ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoda yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni birlashtirishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirni Ekologiya vazirligining Biologik xilma-xillik siyosatini yuritish bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov kirish so‘zi bilan ochdi va yig‘ilish kun tartibining dolzarbligini ta’kidladi.

«Yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi hozirda dunyoda daromad bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi, afsuski, hayvonlarni noqonuniy ravishda sotayotganlar yetarlicha. Bu bioxilma-xillikning asosi bo‘lgan yovvoyi tabiat savdosiga qarshi kurashish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerakligini anglatadi. Biz ushbu maqsad yo‘lida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Maqsadimiz havo, temir yo‘l va boshqa transport yo‘llar orqali hayvonlarni noqonuniy olib kirish yoki olib chiqib ketishning oldini olishdir», — dedi Abdurashid Sodiqov.

Yashirin biznes
Tadbirda ma’lum qilinishicha, yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi yashirin biznesining eng daromadli turlaridan biridir. Dunyo miqyosida ushbu faoliyat pul aylanmasi bo‘yicha giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ va odam savdosidan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallab, yiliga qariyb 8,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Tashkilotchilar
Loyihaning asosiy tashkilotchilari va ijrochilari – O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Fauna and Flora (Buyuk Britaniya) xalqaro tashkiloti, «EKOMAKTAB» respublika ekologiya resurs markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, TRAFFIC xalqaro tashkiloti (Buyuk Britaniya), Qozog‘iston bioxilma-xilligini saqlash assotsiatsiyasi bo‘lib, tajriba almashish, o‘quv tadbirlari va axborot salohiyatini oshirish uchun Bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy kinologiya markazi, Oliy harbiy bojxona instituti va O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi bilan hamkorlik qilinmoqda.

Dahshatli raqamlar
Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosining salbiy oqibatlari dunyo bo‘ylab barcha turlarning keskin kamayishiga olib kelmoqda. Jumladan, 1990 yillarning oxiri va 2000 yillarning boshlarida sayg‘oqlar sonining 90% kamayishi; cho‘l toshbaqalarining bir nechta populyasiyasining butunlay yo‘qolishi; qor qoploni soni, ayniqsa Markaziy Osiyo hududida yashayotgan turlarining kamayishi, shuningdek, qizilmiya ildizi, kapers, sassiq Ferula va shu kabi dorivor o‘simliklarni haddan tashqari ekspluatatsiya qilinishi va deyarli butunlay yo‘q qilinishi xavfi kuzatilmoqda.

Tabiat ko‘mak so‘ramoqda
Yovvoyi tabiat bunday keng ko‘lamda vayron etilishi shundoq ham zaif tog‘, dasht va cho‘l ekotizimlarining salomatligi va faoliyatiga ta’sir o‘tkazmoqda. Tabiatga yaqin joylashgan qishloq hududlarida ekologik xizmatlar ko‘rsatish va turmush tarzini ta’minlash qobiliyati pasayib ketgan, bu esa ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik va nizolarga olib kelishi mumkin. Huquqni muhofaza qilish organlarining yetishmasligi ham keng jinoiy tarmoqlarga ushbu chekka qishloq joylarida faoliyat yuritish imkonini beradi, bu esa mahalliy va mintaqaviy darajada barqarorlik hamda xavfsizlikni yanada pasaytiradi.

Yovvoyi import
Tabiat uchun yana bir xavf – noqonuniy olib kirilayotgan yovvoyi hayvonlardir. O‘zbekistonning betakror tabiati uchun haqiqiy xavf tug‘diradigan invaziv turlar fuqarolar tomonidan yurtimizga olib kirilmoqda. Bu esa daryolarimiz, ko‘llarimiz, o‘rmonlarimiz va dashtlarimizda turli tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Daryolarda yirtqich baliqlar yoki butazorlardagi pitonlar yoxud aholi punktlari yaqinida yoki dashtlarda yovvoyi sherlarni tasavvur qilish qo‘rqinchli. Ehtimol, yurtimizning iqlim sharoiti ekzotik flora va faunaning ba’zi vakillari uchun juda mos emasdir, ammo shunga qaramay ba’zi mas’uliyatsiz fuqarolar turli yovvoyi hayvonlarni sotib olish va shaxsiy uylarida saqlashni xush ko‘radilar.

Noxush tarix
Dunyo tarixida invaziv turlarning mahalliy iqlimga moslashish holatlari uchrab turadi. Masalan, 20 yildan ortiq vaqt davomida «yo‘lbars pitonlari» bilan «urush» olib borayotgan Florida shtati bunga misol bo‘la oladi. Vatani Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘lgan bu ilonlar AQShga ko‘p yillar oldin ekzotik faunani sevuvchilar tomonidan olib kelingan. Baxtga qarshi, ba’zi urg‘ochi pitonlar saqlash joylaridan qochishga muvaffaq bo‘lgan va Floridaning iliq, nam iqlimida ko‘payib ketgan. Mahalliy fauna esa ochko‘z va yirtqich migrantlarga tayyor emas edi. Natijada ko‘plab mahalliy turlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgan.

Mahalliy aholi ilonlarni qo‘lga olish va yo‘q qilishga urinmoqda, ammo pitonlarni tutish unchalik oson ish emas. 2023 yilning bahorida olimlar shtat uchun «jang»da odamlar pitonlarga yutqazayotganini tan olishga majbur bo‘ldi. Ilonlar odam uchun katta xavf tug‘diradi. Daryo bo‘ylarida ro‘y bergan bir qator baxtsiz holatlar buni tasdiqlab turibdi.

Hamkorlik
Huquqni muhofaza qilish organlari yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosini aniqlash va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirish Markaziy Osiyo uchun jiddiy logistika muammosi bo‘lib, idoralar o‘rtasida salohiyat va samarali muvofiqlashtirishga katta sarmoya kiritishni talab qiladi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston quruqlikda 19 193 km umumiy chegaraga ega bo‘lib, hamkorlikda faoliyat olib borish talab qilinadi.

Afsuski yovvoyi tabiat zonalarida joylashgan huquqni muhofaza qilish organlari, transport yo‘llari va noqonuniy marshrutlar bo‘ylab o‘rnatilgan nazorat-o‘tkazish punktlari xodimlari zarur bilim, axborot va texnologiyalardan kamdan-kam foydalanish imkoniyatiga ega. Bu esa ularga yovvoyi hayvonlar savdosiga qarshi tezkor chora ko‘rish, oldini olish va bartaraf etish uchun juda zarurdir.

Tadbirlar
SITES konvensiyalari ro‘yxatiga kiritilgan yovvoyi tabiat ob’yektlarini noyob va yordamga muhtojligini aniqlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida bir qator seminar va treninglar tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona qo‘mitasi, atrof-muhitni muhofaza qilish idorasi, fan va jamoat ekologik tashkilotlarining ma’muriy salohiyati va resurslarini birlashtirgan hamkorlikdagi ishlarning birinchi va ilg‘or shakli hisoblanadi.

E’tirof
Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish dasturi menejeri Mett Louton o‘z nutqida O‘zbekiston hukumatining ekologik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi salmoqli hissasini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, SITES Konvensiyasi (yovvoyi fauna va floraning yo‘qolib borayotgan turlari bo‘yicha xalqaro savdo to‘g‘risidagi Konvensiya) bo‘yicha majburiyatlarni bajarish shartlarini ta’minlashda ham O‘zbekiston erishgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Biz loyihaning birinchi bosqichidan o‘tdik va yaxshi natijalarga erishdik. Asosiy idoralar o‘rtasida aloqa o‘rnatilmoqda, tajriba va ma’lumotlar almashilmoqda, davlat tillarida ma’lumotnoma va axborot adabiyotlari tayyorlandi, izquvar itlar hayvonlar va ularning hosilalari (shoxlari, terilari) bilan kontrabandani aniqlashga o‘rgatilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy mintaqaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda, qonunbuzarlarni aniqlash, ushlash, tergov qilish va qonuniy chora ko‘rish, prokuratura va sud salohiyatini mustahkamlash vazifalari kuchaytirilmoqda» , – dedi Mett Louton.

Toshkentdagi ishchi uchrashuvda loyihaning birinchi bosqichi natijalarini loyihaning milliy hamkorlari vakillari bilan o‘rtoqlashish, erishilgan yutuqlar va olingan saboqlarni muhokama qilish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi muammolarini hal qilishning keyingi bosqichlarini aniqlash va SITES Konvensiyasi bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishiga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi PF-81-sonli «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda PQ-171-sonli «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan maqsadlarga javob beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring