Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Semyon, miltig‘ingni qarab qo‘y, hujumga o‘tamiz. Bularning nevaralari bizni rosa so‘kadi-da...

Semyon, miltig‘ingni qarab qo‘y, hujumga o‘tamiz. Bularning nevaralari bizni rosa so‘kadi-da...

– Semyon, miltig‘ingni qarab qo‘y, yaqin orada xujumga o‘tamiz.
– Bularning nevaralari bizni rosa so‘kadi-da…
– E nimalar deyapsan, bizga xali yodgorlik o‘rnatishadi!
– Esing joyidami, Vanya?
– Bu savolni ularga berish kerak…

Qo‘rqib uyg‘onib ketdim.

Bir kitobda o‘qiganim, o‘tmishning qonli kunlari ko‘z oldimdan birma-bir o‘ta boshladi…

1864 yilning 1 oktyabri, sodda, xokisor, siyosatdan, «katta ishlar»dan bexabar aholi kundalik ishlarini qilib yuribdi. Birdan g‘alog‘ovur ko‘tarildi – o‘rislar Darvishak qopqa degan joyga yetib kelibdi, xali zamon xujumga o‘tadiganga o‘xshaydi. 1864 yilning 2 oktyabrida ertalabdan jang boshlandi, aniqrog‘i har ikki tomon o‘rtasida to‘plardan o‘qlar uzildi. Muhammad Solih Toshkandiy shunday yozgan: «Bu vaqtda Eshonquli dodxoh madrasasi talabalari, xususan eshon Sharifxo‘ja Ofoqxo‘ja o‘g‘li, eshon Hojixon Solihhoji yuzboshi o‘g‘li, Sa’id Ahrorxo‘ja Sotiboldixo‘ja o‘g‘li, pichoqchi usta Sodiq Nazar, o‘ratepalik Xidirnazar zargarning ukasi va boshqa ziyoli vakillari «g‘azotni va bu sharafli urushni Qur’on, tafsir va hadislardan olingan so‘zlar bilan isbotlab, hammani g‘azotga va urushga chorladi. Ularning o‘zlari ham Qo‘qon darvozasiga borib to‘pchilarga qo‘shilib o‘q joylashda va otishda qatnashdilar».

General Chernyayev 12 zambarakdan shaharni o‘qqa tutdi. Ammo tadbirlari ish bermay, mag‘lubiyatga uchrab, 4 oktyabrda Chimkentga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.

1865 yil, Chernyayev bu safar suv manbaini egallash orqali shaharni o‘ziga tobe qilishni rejalashtirib, Toshkentdan 25 chaqirim shimoli-sharqda, Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan Niyozbek qal’asiga yurish qiladi. Ikki kunlik mudofaa janglaridan so‘ng 1865 yilning 29 aprelida Niyozbek qal’asi taslim bo‘ladi. Bu yerda Chernyayev xoinlar maslahati bilan Bo‘z-suv to‘g‘onini buzib, uni Chirchiq suviga burib, Toshkent shahrini suvdan mahrum qildi. Bu bilan u aholining qarshiligini sindirmoqchi va shaharni taslim bo‘lishga majbur qilmoqchi edi. 8 may sanasida xoinlar yordamida shaharni oson egallashni rejalashtirgan generalning rejalarini sheryurak Mulla Alimqul boshchiligidagi askarlarning Toshkentga kelishi buzib yuboradi. Toshkent mudofaasini o‘z qo‘liga olgan Mulla Alimqul 9 may erta tongda 7 ming kishi bilan shahardan chiqib ruslar lageriga hujum uyushtiradi, ammo jangda Mulla Alimqul og‘ir yaralanadi va himoyachilar shaharga chekinishga majbur bo‘ladilar. Mulla Alimqulning vafoti nafaqat Toshkentda, balki butun xonlikda tushkunlik uyg‘otadi…o‘rab olingan shahar ahli suvsizlik va ochlikdan og‘ir ahvolda qoladi…va Chernyayev Toshkentni ochiq jang bilan istilo qilishga qaror qiladi.

Chernyayev hujumni 14 inchidan 15 iyunga o‘tar kechasi shaharning Kamolon darvozasidan boshlashga qaror qiladi – ey, voh, axir bu o‘sha joyku?! – va tunda hujum boshlananadi. Shahar atrofi qalin bog‘lar bilan qurshalganligi bois himoyachilar dushmanni shahar devorlariga narvonlar bilan yaqinlashguniga qadar payqamay qoladilar. Ruhoniy Malov qo‘lida xoch ushlagancha bosqinchilarni ruhlantirib oldinda boradi. Mudofaachilar qarshiligini sindirib dushman Kamolon darvozasidan shaharga bostirib kiradi…

Ortiq ko‘zimni yumib turolmadim, ha, e’lon qilinmagan urush bilan shahar bosib olindi. Qo‘qqisdan bo‘lgan xujum, xoinliklar, adolatsizlik, ilmsizlik kabi juda ko‘p sabablar shaharni g‘ayridinlarga o‘tishiga olib keldi.

«Bizlar voqea va hodisalarni bekitmasdan ma’lum qilamizki, Toshkentdan Oqmasjidgacha va bu yerdan Fuljagacha bo‘lgan shahar va qal’alar Toshkentga qarar edi. Bu joylarni rus askarlari urush va talash bilan qo‘llariga kirgizdilar. Urush to‘satdan, muhlatsiz va so‘zsiz olib borildi. Toshkent shahri zulhijja oyining yarmidan boshlab safar oyining 12-kunigacha, ya’ni 42 kun davomida suvsiz, oziq-ovqatsiz qoldirildi…» degan shahar kattalari Sibirga surgun qilindi. Ular bir kun avlodlarimiz tarixiy haqiqatni anglaydilar, shaharni qo‘sh-qo‘llab topshirmaganimizni bilsinlar, deb hayotlarini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan «…fuqaro va mamlakat tinchligi uchun tamomi ixtiyorimiz va rag‘batimiz bilan rus sardorlari va askarlarini olib kelib ularga shaharni topshirdik», deb yozilgan hujjatga imzo chekmadilar.

Istiqlol ne’matiga bir kun avlodlarimiz yetishadi, shunda o‘sha davrning urush olib borish qonunlariga xilof ravishda yurtimizga bostirib kelganlar haqida o‘zlari xulosa qiladilar, degan umidda taqdir bitigiga rozi bo‘lib, jonlarini xatarga qo‘ydilar. Bosqinchilar esa, o‘zlarini g‘oziy sanab, halok bo‘lganlari sharafiga yodgorlik o‘rnatadilar. Yana bu ishni ularga qattiq qarshilik ko‘rsatgan kamolonliklar mahallasida amalga oshiradilar. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Kamolon ko‘chasining har ikki tomoni 19-asr 60-yillari oxirida ham vayrona holda saqlangan.

Urushdan, ochlik va xoinlikdan charchagan shahar aholisi yodgorlik o‘rnatilishiga ortiqcha qarshilik ko‘rsatmaydilar, bunga hollari ham yo‘q edi. Umidlari – bir kun avlodlarimiz o‘z yerlariga ega bo‘lganlarida tarixiy adolatni joyiga qo‘yadilar va kamolonchilar, o‘sha davr shahar himoyachilari nomini abadiylashtiradilar, bunday bo‘lmagan taqdirda ham, bu yodgorlik o‘z-o‘zidan, qor-yomg‘ir suvlari bilan yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi.

Avlodlari esa…mayli, o‘sha mash’um kunlardan keyin yana 150 yil mustamlaka bo‘lib yashadilar, ammo keyin istiqlolga erishdilarku?! Nega bu mustaqillik ularning fikrlashida yuz bermayapti? Shahar istilosidan eng ko‘p zarar ko‘rgan yerlik aholining yarasini yangilash uchun yana qaytadan ta’mir etdilar. Xo‘p, buni dunyoviy, siyosiy, madaniy va yana allaqanday sabablarga ko‘ra amalga oshirilgani uqtirilmoqda, lekin «milliy tiklanishdan milliy yuksalish»ga harakat qilayotgan partiyalarimiz nega bong urmayapti? Mustaqillikdan keyin o‘sha davrlar haqida monografiya, asarlar yozatganida yig‘lagan tarixchilarimiz qani?

Partiya haqida alohida. Hissiyotlarni bir chetga surib fikr qilganda ham, zamonaviy dunyo siyosatidagi milliy partiyalar harakatidan kelib chiqib ham «milliy»ning istilochilarga bo‘lgan munosabatini tushunish qiyin. «Bir kun tushunarmiz» – o‘sha «bir kun», Xudo saqlasin, yana kimningdir mustamlakasi hisoblangan kunimiz bo‘lmasin.

Dunyo tarixida urush qilgan armiyalarning baynalmilal mozorlari bor. Bunda bir-biriga urush ochgan davlatlardan halok bo‘lganlar bir mozorga qo‘yiladi va buni odamlar tabiiy qabul qilishadi. Lekin qo‘qqisdan hujum qilib, qiron keltirgan bosqinchilar uchun hech qayerda yodgorlik o‘rnatilmaydi, istilochilar tomonidan o‘rnatilgan yodgorliklar sekin-asta «mahalliylashtiriladi» yoki o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi.

Buni boshqa osori-atiqalar bilan solishtirilmaydi. Bizda ham ruslar tomonidan yoki sovet davrida qurilgan ob’yektlar mustamlakachilik belgisi sifatida buzib tashlanayotgani yo‘q, foydalanilyapti, ta’mirlanyapti va h.z. Lekin istilochilar uchun yodgorlik – bu boshqa masala, «…juda ko‘p odam qurbon bo‘ldi. Chernyayevning buyrug‘i bilan uylar yondirildi, egalari otib tashlandi, miltiq nayzasi bilan sanchib o‘ldirildi, birorta ham yoshu qariga shafqat qilinmadi» – mana shu tarixiy faktlarni bilib turib ham…

Qudratimiz oshib, bosar-tusarimizni bilmay, qo‘shni davlatlarga ko‘z olaytirishni boshlaganmidik-ki, bir vaqtlar shaharni qonga botirgan istilochilar yodgorligidan ibrat olib, o‘zimizni bosib olishga harakat qiladigan…

Bo‘lar ish bo‘ldi, ob’yekt ta’mirlandi, endi nima qilamiz? Buzib tashlash yana o‘sha «dunyoviy, siyosiy, madaniy va yana allaqanday sabablar»ga ko‘ra mumkin bo‘lmagan zamonda eng kamida ma’lumot taxtachasiga «Bu yerda Toshkentga bostirib kelgan askarlar yotibdi» degan yozuv kiritish kerakdir? Balki, o‘sha ob’yekt yonida «Toshkent himoyachilari»ga bag‘ishlangan majmua bunyod etilar? Bilmadik…

Xulosa qilish qiyin bo‘lgan zamonda yashayapmiz…

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev

Manba: azon.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring