Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev 1,06 trillion so‘mni adolatli tarqatishga topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev 1,06 trillion so‘mni adolatli tarqatishga topshiriq berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Karantinning birinchi kunlaridan bu borada zarur choralar ko‘rilib, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan edi.

Bugungi kunda boquvchisini yo‘qotgan oilalar soni 155 ming, 5 nafardan ortiq farzandi bor kam ta’minlangan oilalar soni 81 ming, yolg‘iz yashovchi keksalar 16 ming nafarni tashkil etmoqda. Lekin ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar ehtiyojmandlarga to‘liq yetib bormayotgan holatlar ham ko‘p.

Shu bois Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga qo‘shimcha ajratilgan 992 milliard so‘m mablag‘ni hamda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidagi 70 milliard so‘m qoldiqni muhtoj oilalarga aniq va adolatli yetkazish bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.

Pandemiya davrida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlar doirasida yil yakuniga qadar qo‘shimcha 235 mingdan ziyod oilaga moddiy yordam ajratilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni to‘liq ta’minlash va bozorlardagi narx-navo barqarorligini saqlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Parranda go‘shti, sholi, kartoshka talabga nisbatan kam yetishtirilayotgani qayd etilib, ushbu mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunda xorijiy davlatlar, xususan, kartoshka bo‘yicha Niderlandiya, sholi va baliqchilik bo‘yicha Vetnam tajribalaridan foydalanish yaxshi natija beradi.

Bulardan tashqari ham agrar sohada ishlatilmayotgan rezervlar yetarliligi ta’kidlandi. Misol uchun, bir vaqtlar Namangan va Navoiy viloyatlarida junni qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar mavjud bo‘lgan.

Bu yo‘nalishda ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlash va eksportbop tovarlar turi va hajmini ko‘paytirish imkoniyati bor. Jundan ro‘mol, gilam kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish aholi o‘zini o‘zi band qilishining muhim yo‘nalishi bo‘lishi lozimligi qayd etildi, bu borada manzilli loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Videoselektor yig‘ilishida hokimlar, vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari birinchi yarim yil yakuni bo‘yicha nechta ish o‘rni yaratishi, kambag‘al oilalarni qanchaga qisqartirishi, 9 oy va yil oxirigacha mo‘ljallangan rejalari yuzasidan hisobot berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring