Shavkat Mirziyoyev Yangiyo‘lda 12 ta yangi ko‘p qavatli uy qurish haqida topshiriq berdi

Avval xabar berganimizdek, kecha — 5 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Yangiyo‘l shahriga bordi. Xususan, davlat rahbari Yangiyo‘l shahridagi «Fayzli» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar bermoqda
Shu yerda O‘zbekiston rahbariga Yangiyo‘l shahrining Bosh rejasi loyihasi, shahardagi ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash dasturi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Xabarda yozilishicha, ayni paytda Yangiyo‘l shahrida 86 ming 800 aholi istiqomat qiladi. 241 ta ko‘p qavatli uylar bo‘lib, ularga xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi.
Prezidentga taqdim qilingan loyihalarda shaharda oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangilash dasturi, Toshkent viloyatining Qibray va Zangiota tumanlarida suv ta’minotini yaxshilash, Chirchiq shahrining issiqlik tizimini takomillashtirish kabi ma’lumotlar o‘rin olgan.
Prezident Yangiyo‘l shahridagi mavjud ko‘p qavatli uylarni joriy yil oxiriga qadar to‘liq ta’mirlash, 7 qavatli 12 ta yangi ko‘p qavatli uy-joy, zamonaviy bog‘, bozor, supermarket, ko‘prik qurish bo‘yicha mutassaddilarga topshiriq berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter