ShHTning Samarqand sammitiga bag‘ishlangan pochta markasi muomalaga kiritildi
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar rahbarlarining Samarqandda bo‘lib o‘tadigan majlisi munosabati bilan pochta markasi muomalaga kiritildi.
Ushbu pochta markasi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusiga ko‘ra «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan tayyorlandi.
Pochta markasida ShHTga a’zo bo‘lgan Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlari bayroqlari, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqanddagi sammitiga bag‘ishlangan logotipi hamda Samarqand shahrining gerbi tasvirlangan.
Pochta markasining orqa fonida O‘zbekistonning Sharq durdonalari sifatida tan olingan qadimiy Samarqand shahrining ramziy markazi hisoblanmish Registon maydoni joylashgan.
Joriy yilning 14 sentyabr kuni Samarqand shahridagi «Buyuk Humo» mehmonxonasining majlislar zalida ShHTning Samarqand sammitiga bag‘ishlangan pochta markasini maxsus xotira shtempli bilan tantanali so‘ndirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan ochdi.
AKT vaziri barcha yig‘ilish qatnashchilarini ushbu marosimda ishtirokidan mamnun ekanligini hamda bugungi kunda so‘ndirishi amalga oshirilayotgan pochta markasi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan tarixiy voqea sharafiga bag‘ishlanganini, uni pochta xizmatida ishlatish, esdalik sifatida hamda markalar kolleksiyasini tayyorlashda foydalanish mumkinligi haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, marosimda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining ShHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Hakimov, ShHT milliy koordinatori Yodjana Patel (Hindiston), ShHT milliy koordinatori (Xitoy Xalq Respublikasi Respublikasi) Chjen Xaychjouva boshqalar qatnashishdi.
Abdug‘afur Hotamov,
«Xabar»ning Samarqand viloyatidagi muxbiri
Baxtiyor MUSTANOV, fotolar muallifi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter