Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shofirkonlik to‘ralar odamlarning arpasini xom o‘rdi

Shofirkonlik to‘ralar odamlarning arpasini xom o‘rdi

Foto: Hasan Salomov

Shofirkonda gap tarqadi. «Prezident tomorqalarni olarmish». Bir-ikki tanishlar menga qo‘ng‘iroq qilib, «Haqiqatan ham tomorqalarimizni olishadimi?», «Prezident shunday ko‘rsatma bergani rostmi?» deya so‘rashadi. Ularning ko‘nglini tinchlantirish uchun «Yo‘q, bo‘lmagan gap, aka» deyman. Chunki Prezidentning har bir uchrashuv va nutqini sinchkovlik bilan kuzatib boradigan odam bunday safsataga ishonmasligi turgan gap.

«Shofirkonda hamma narsa bo‘lishi mumkin»mi?

Shov-shuvlar bolalab turgan bir pallada qishloqqa borishimga to‘g‘ri keldi. Odamlar salom-alikdan ham avval «Tomorqalarimiz ketadimi endi?» deb so‘rashar, men esa «Qo‘rqmang, tomorqangizga hech kim tegmaydi», «Dunyo beso‘roq emas, Prezident tomorqani daromad manbaiga aylantiringlar deb turgan bir paytda birov sizning tomorqangizga kirishga jur’at qilolmaydi» deb ularning ko‘nglini tinchlantiraman.

Foto: Hasan Salomov

Daqiqa o‘tgani sayin ayni shu shov-shuvlar haqiqatga aylanib bordi. «Hokim, prokuror, nachalnik melisa falon qishloqqa borib, hammaning tomorqasini shudgor qilib tashlabdi», «Falon qishloqda odamlar o‘zini «Magnum»ning tagiga tashlamoqchi bo‘libdi», «Erta «Magnum» kelarkan, indin kelarkan». Bu mish-mishlar og‘izdan-og‘izga ko‘chdi. Odamlar to‘y-ma’rakada ham, iftorlikda shuni muhokama qildi. Birov «Prezidentning bunday topshiriq berganiga ishonmayman» desa, boshqasi «Shofirkonda hamma narsa bo‘lishi mumkin» deydi.

Gapga qo‘shilib, fikr bildirmoqchi bo‘lsam, «Sendaqalar davlatning yopiq siyosatini qayerdan ham bilarding», «Uyning gapi ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi deb shunga aytadilar, o‘rtoq jurnalist» deb og‘zimga uradi. Odamlarning kesatiq bilan aytayotgan gaplaridan bir narsani uqaman: ular adolat istashayapti, najot istashayapti. Birov hokimning kallasiga bir urib, «odamlarning tomorqasiga yaqinlashma» deyishini kutayapti. Ammo bu ishni kim qiladi? Hamma balo ana shunda. Men esa oddiy jurnalistman. Oddiy jurnalist hokimga gap uqtira olarmidi? Shunday bo‘lsa-da, Shofirkon tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qildim.

O‘zimni tanishtirgach, nima sababdan odamlarning tomorqalari olinayotganini so‘radim. Hokim Prezident qaroriga ko‘ra faqatgina  ekilmayotgan va samarasiz ishlatilayotgan tomorqalar olinayotganini aytdi. Qishloqdoshlarimga hokimning gaplarini to‘tiqushdek takrorladim. Ular esa meni vaysaqiga chiqarishdi. Mirzoqul, Revgari, Naqqosh, Boboato qishloqlaridagi barcha tomorqalar olinganini aytib meni hokim bilan tili birga chiqarishdi.

Oradan ikki-uch kun o‘tgach, o‘sha qora «Magnum» bizning qishloqqa ham yetib keldi.

Qora «Magnum»

Darvoqe, qora «Magnum»ga harbiy formadagi ikki odam ham qo‘shilib kelgan. Ular haqiqatan ham harbiymi yoki yo‘qmi, bunisini aniq bilmayman. Chunki ular xizmat guvohnomasi tugul, ism-familiyasini ham aytgani yo‘q. Ular shunchaki, odamlarning ko‘zini qo‘rqitish uchun kelganday fikr uyg‘otadi odamda.

– Hech bo‘lmasa, tomorqalarni olish to‘g‘risida birorta qog‘oz ko‘rsatinglar, axir 18-asrda yashamayapmiz-ku, – dedim harbiy formadagi odamga.

– Hujjat kerak bo‘lsa, hokimiyatga boring, – deydi harbiy yigit. – Bizga shunday topshiriq berilgan.

— O‘sha topshiriqni kim bergan, birodar? – deyman o‘jarlik bilan.

— Ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz tuman hokimi bilan uchrashing. Men ma’lumot beradigan byuroda ishlamayman. 

Harbiy akamiz bilan suhbatimiz samarasiz yakunlandi. Bu paytda qora «Magnum» odamlarning tomorqasining yarmidan ko‘pini ag‘darib tashlagan edi. «Magnum» kelishini eshitgan ba’zi odamlar bir kun oldin yerini bo‘ktirib sug‘organ bo‘lsa, boshqasi bedapoyani buzib kartoshka jo‘yaklarini tortgan edi. Maqsad esa bitta: biri sug‘orilgan yerga tarktorni kiritisholmaydi deb, boshqasi kartoshka ekishga tayyor qilib qo‘yilgan yerni buzishga hech kimning haddi sig‘maydi deb o‘ylashgan.

To‘ralar odamlarning arpasini xom o‘rdi

Ammo ular chuchvarini xom sanashgan ekan. Hokimiyatdagi to‘ralar hech narsadan qo‘rqmadi. Hatto bir oy-yarim oyda pishib yetiladigan bug‘doy va arpaga ham rahm qilmadi. To‘ralar odamlarning arpasini xom o‘rdi. Endi savol tug‘iladi. Siz arpangizni xom o‘rishga majbur qilgan hokimiyatga do‘st bo‘larmidingiz? G‘ururi bor odam hech qachon do‘st bo‘lmaydi.

Foto: Hasan Salomov

Endi masalaning ikkinchi tomoniga e’tibor qarating: Prezident har bir chiqishida odamlarni davlatga do‘st qilaylik deb ta’kidlaydi. Uning bu kabi chiqishlaridan keyin hamma sayyor qabulga zo‘r berdi. Go‘yoki qancha ko‘p sayyor qabul o‘tkazilsa, shuncha ko‘p muammolarga yechim topiladigandek.

Taraqqiyotimizning yangi davrida «Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil hayotga tatbiq etildi. Odamlarning katta-kichik muammolari imkon doirasida hal etilayapti. Eng asosiysi, davlat o‘z fuqarolariga e’tibor qaratib, ularni eshita boshladi. Bularning hammasining zamirida bitta maqsad yotibdi: odamlarni davlatga do‘st qilish. Ammo shofirkonlik to‘ralarning kurakda turmaydigan bu kabi qiliqlari xalqni davlatga qarshi qayramaydimi? Axir kechqurin televizor orqali tomorqadan unumli foydalanish haqida ko‘rsatuv efirga uzatilsa-yu, ertalab bitta traktor va to‘rt harbiy kelib 30 yildan buyon foydalanib kelayotgan yeringizni shudgor qilsa, davlatga ishonchingiz qoladimi?

– Hokimiyat yerlarni olishga shoshmasligi kerak edi, – deydi oqrabotlik Hayit Hojiyev. – Hech bo‘lmasa, tiramo(kuz)gacha kutishi kerak edi. Odamlarga shu hosilni yig‘ib olishga imkon berish kerak edi.

Tel-Avivda tog‘angiz bormi?

Inson tabiati qiziq, ayniqsa, shofirkonliklarning. Tumandoshlarim har doim tenglik prinsipiga to‘la amal qilishni, boyni ham, kambag‘alni ham bir ko‘zda ko‘rishni talab qiladi. Bu esa ko‘pchilikka yoqmaydi. Haqqini talab qilgan kimga ham yoqadi deysiz. Surishtiruv jarayonida bir narsaga amin bo‘ldim. Shofirkonlik to‘ralar hokimiyatga yaqin odamlarning tomorqalariga tegishmabdi. Baraka topishsin. Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi deb shunga aytishsa kerak-da. Hokimiyatga yaqin odamlarga «Tomorqangizga kartoshka-piyoz ekmasangiz, keyingi yil sizning tomorqangizni ham olamiz» deb shart qo‘yishibdi. Birorta mard «Boshqalarga ham shunday shart qo‘yib tomorqalarini qaytib beraylik» demabdi-ya.

– Hokimiyat tomorqangizga kartoshka eking, piyoz eking deb biror marta ham ogohlantirgani yo‘q, – deydi qishloqdoshlarimdan biri. – Na og‘zaki, na yozma ogohlantirishsiz 8 sotix tomarqamni shudgor qilib tashladi. Xom o‘rilgan arpa va bug‘doyning uvoli uradi bu hokimni. Hokim odil bo‘lsa, qog‘oz ko‘rsatsin, hammaga bir ko‘z bilan qarasin, o‘zinikilarning yerini ham olsin. Axir ularning «Tel-Avivda tog‘asi yo‘q-ku».

Shofirkonliklar nazarida Tel-Avivda (Isroil poytaxti) tog‘angiz bo‘lsa, siz o‘ta qudratli odam hisoblanasiz. Tumandoshlarim Tel-Avivni Moskvadan ham, Vashingtondan ham qudratliroq shahar deb bilishadi. Mobodo, sizga alohida e’tibor ko‘rsatishsa, «Aka, Tel-Avivda tog‘angiz bormi?» deb hazillashib qo‘yishadi. Shofirkonchasiga aytganda, bizning qishloqda ham uch-to‘rt kishining Tel-Avivda tog‘asi bor ekan. Chunki ularning tomorqasiga hech kim tegmadi.

Sallasi desa, kallasini olish kerakmi?

Qishloqdoshlarimning topshirig‘i bilan Toshkentga qaytib kelgach, tomorqalardan foydalanish tartibi bilan qiziqdim.

Tomorqa yerlaridan foydalanishni tartibga solish haqida eng so‘nggi me’yoriy hujjat joriy yilning 18 martida qabul qilingan. Hukumatning «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida tomorqani olib qo‘yish tartibi va shartlari belgilangan. Qarorda jumladan, shunday deyilgan: yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqasida asossiz ravishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmagan yer egalariga yer solig‘ining 3 barobari miqdorida jarima qo‘llanadi. 

Darvoqe, hukumatning mazkur qarori bilan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tashkil etilgan. Kengash tuproq-iqlim sharoiti va suv ta’minotidan kelib chiqib, ekin va mevali daraxt turlarini, tomorqada yetishtiriladigan mahsulot miqdorini o‘rganadi. Agar tomorqangizga belgilangan ekinlar, mevali va manzarali daraxtlar ekilmagan bo‘lsa yoki yer uchastkasi obodonlashtirilmaganligi aniqlansa, kengash sizni ogohlantirishi lozim. Ogohlantirish xatining bir nusxasi sizga ham berilishi shart.

Yozma ogohlantirishdan so‘ng sizga oziq-ovqat, mevali va manzarali daraxt ekish uchun bir hafta muhlat beriladi. Agar shu davr oralig‘ida ham o‘zgarmasangiz, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi tuman hokimiga taqdimnoma kiritadi. Undan u yog‘i tuman hokimining vijdoniga havola. Hokim odil bo‘lsa, sizga yer solig‘ining 3 barobari miqdorida jarima qo‘llaydi. Bolang och qolsa, menga nima g‘am desa urdi xudo. Arpangizni xom o‘rib, yeringizni shudgor qiladi. Xuddi bizning hokimto‘radek.

«Rasmiy labirint»

Hukumat qarori bilan tanishib chiqqach, dastlab Shofirkon tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qildim. Hokim aravani quruq olib qochdi.

– Kim chiqardi bu gapni? – deydi tuman hokimi Jahonqul Ravshanov. – Odamlarning tomorqalarini olib boshimiz nechta, aka? Faqat tomorqasidan samarasiz foydalanayotganlarning aybini bo‘yniga qo‘yib, 3 barobar soliq solayapmiz.

– Menda tomorqalarni shudgor qilayotgan «Magnum» tasviri tushirilgan foto va video tasmalar bor, aka, – deyman hokim buvaga.

– Hasan aka, hokimiyatga keling, bafurja gaplashamiz, – deydi Jahonqul Ravshanov.

Hokim bilan suhbatimiz samarasiz yakunlangach, Buxoro viloyati hokimligidagi mutasaddilar bilan bog‘lanishga urindim. O‘zini Nasriddin Mahmudov deb tanishtirgan mulozim ham o‘zini hech narsadan xabari yo‘q odamdek tutdi.

– Men ham bu haqida bir eshitgandayman, – deydi Nasriddin Mahmudov. – Bilishimcha, tomorqasidan samarasiz foylanayottgan odamlarninggina tomorqasi olinayapti. Ba’zilarining yeri esa almashlab berilayapti. Siz bu haqida to‘laroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz Rustam Norov bilan gaplashing.

Nasriddin aka bergan raqam orqali Rustam Norovga qo‘ng‘iroq qildim. Rustam aka ham anoyi emas ekan. Meni fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi rahbari Asqar Nozimovga yo‘lladi.

– Telefon raqamimni kim berdi sizga? – deydi Asqar Nozimov salom-alikdan keyin.

– Rustam akadan oldim, – deyman men ham. – Shofirkonliklarning tomorqalari yoppasiga olinayotgani haqida nima deya olasiz?

– Menga qarang, uka, – deydi Asqar Nozimov. – Biz yangi tuzilgan kengashmiz. Vazifamiz – tomorqadan unumli foydalanishni o‘rgatish. Tomorqa berish ham, olish ham bizning vazifamizga kirmaydi. Ammo savolingizga bilganimcha javob beraman. Shofirkonda tomorqasidan samarasiz foydalanayotganlarning yerlari olinayapti. Boshqa hech narsa bilmayman. Siz Nasriddin Mahmudov bilan bog‘lanib to‘liqroq ma’lumot olishingiz mumkin.

Alhazar, rasmiy labirintning ichiga tushib qoldim shekilli. Unisi bunga soladi, bunisi unga soladi, 4 nafar mulozim ham dasturlangan kompyuterga o‘xshab bir xil javob qaytardi-ya. To‘rtovlonning ham gapi bir joydan chiqdi. Ammo haqiqat boshqa joyda. Haqiqat shuki, ular pastga tushib, xalq bilan muloqot qilmagan. Haqiqat shuki, ular odamlarning tashvishi bilan qiziqmaydi. Haqiqat shuki, ular ko‘rganni ko‘rmaslikka olib o‘rgangan. Haqiqat shuki, ular odamlarning haqiqiy ahvolini bilmaydi.

Rоbinzonga o‘xshang to‘ralar

Mabolag‘asiz aytayapman. Har bir hokim Robinzon Kruzoga o‘xshashi kerak. Robinzon Jumavoyga gapirishni o‘rgatgan bo‘lsa, hokim odamlarga ko‘proq daromad topishni o‘rgatsin. Robinzon Jumavoyga «Odam go‘shtini yemanglar», «Sut ichinglar» deb o‘rgatgan bo‘lsa, hokimto‘ra odamlarga «Beda ekmanglar», «Kartoshka-piyoz ekinglar», «Daraxt ekinglar, ko‘proq foyda olasizlar» deb o‘rgatishi kerak.

Odamlarni daromad olib turgan ikki qarich yeridan mahrum qilish, keyin «Rasmiy labirint» yasash esa mard hokimning ishi emas. Bugun ikki qarich yeridan ajragan odam nima qiladi? Ish izlab Rossiyaga ketadi. Yo‘lda ketayotib, avtobusi yonib ketsa nima bo‘ladi? Oqto‘bada 52 nafar vatandoshimizning kuygan jasadi hali ham ko‘zimizni ochmadimi?

Maqola so‘ngida shofirkonliklarning kichkinagina iltimosini yetkazsam. Tumandoshlarimiz «tomоrqalarni olish operatsiyasi»ni hukumat nazorat qilishini istaydi. Bosh vazir yoki Bosh prokuror rahbarligida komissiya tuzilsa degan fikrda. Kim haq, kim nohaq ekanini respublika komissiyasi borib o‘rgansin. Oqni oq desin, qorani qora. Tomorqasidan samarasiz foydalangan fuqarolarga jarima solsin, rozimiz. Yerdan unumli foydalanish bo‘yicha maslahat bersa, yana yaxshi. Ana undan keyin ham o‘zgarmagan odamning yerini tortib olsin. Hech kim, hech nima demaydi. Aslida bu ishlarni mahalliy to‘ralar ham qilsa bo‘ladi-yu, ammo ular yana qog‘ozbozlik va ko‘zbo‘yamachilik qilishadi-da. Yana tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilsa, «Tel-Avivda tog‘asi borlar»ga yonbosishlar bo‘lsa, oddiy xalq dodini kimga aytadi.

Hasan Salomov,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring