Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV Xitoyda tarqalgan virus sabab chegaralarda tekshiruv kuchaytirilganini ma’lum qildi

SSV Xitoyda tarqalgan virus sabab chegaralarda tekshiruv kuchaytirilganini ma’lum qildi

2019-yilning 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga mamlakatning Uxan shahrida noma’lum pnevmoniya epidemiyasi yuzaga kelgani haqida xabar qilgan edi. Kasallanishning birinchi holatini dengiz mahsulotlari sotiladigan bozor bilan bog‘lashmoqda. Joriy yilning 7-yanvar kuni xitoylik mutaxassislar kasallik qo‘zg‘atuvchisi koronavirus 2019-nCoV ekanini aniqlashdi.

20-yanvardagi ma’lumotga ko‘ra, Xitoy hukumati ushbu virus keltirib chiqargan 224 ta pnevmoniya holati aniqlanganini rasmiy tasdiqladi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha munitsipal qo‘mitaning xabariga ko‘ra, bu kasallikdan nobud bo‘lganlar soni to‘rttaga yetgan.

Afsuski, kasallik Xitoy chegarasidan chiqib, boshqa davlatlar hududlariga ham tarqalmoqda. 20-yanvar kuni Janubiy Koreyada koronavirus bilan og‘rigan birinchi holat aniqlandi, bemor Xitoy fuqarosi bo‘lib chiqdi. Shuningdek, kasallanish holatlari Tailand va Yaponiyada ham ro‘yxatga olindi.

Bundan tashqari, Xitoy hukumati pnevmoniyaning yangi turi odamdan odamga yuqishini tasdiqladi (avval bu kasallik ushbu usulda yuqmasligi ta’kidlangandi). Ushbu faktning dalili sifatida esa kasallikning yangi turi koronavirus bilan kasallanganlardan kamida 14 nafari tibbiyot xodimlariga yuqqani keltirilmoqda.

JSST 22-yanvar kuni ushbu holat yuzasidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitaning shoshilinch yig‘ilishini chaqirmoqda. U yerda yangi virusning xavfi baholanib, u bilan kurashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Hozirda esa JSST keng jamoatchilikka bir nechta dastlabki tavsiyalarni bermoqda:

- qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;

- yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;

- shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;

- tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;

- taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring.

O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

Jumladan, davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilib, pnevmoniya va boshqa o‘tkir respirator kasalliklari alomatlari aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko‘rilmoqda.

Gripp, O‘RI va pnevmoniya kasalliklarida gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalari tayyorgarligi ta’minlandi, dori-darmon va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi.

Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yo‘lovchilar orasida gripp kasalligining og‘ir turlariga, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yo‘l kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar to‘g‘risida keng tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring