Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliq tizimi: yangi kengash, inspeksiya va boshqarma tuzildi

Soliq tizimi: yangi kengash, inspeksiya va boshqarma tuzildi

Foto: «Xabar.uz»

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tashkil qilindi.

Quyidagilar ushbu kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi:

— soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashda nizoli masalalar yuzasidan xulosalar chiqarish;

— soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlashda soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni ko‘rib chiqish;

— soliq nizolarini ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasida yirik soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, soliq hisobotlarini qabul qilish, kameral nazorat o‘tkazish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish majburiyati yuklatilgan Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tuzildi.

Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari faoliyatining samaradorligini baholash va ularning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan Tahlil boshqarmasi ham tashkil etildi.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tugatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring