Tarovih namozi shukuhi: Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy masjidi (foto, video)
Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekiston jome’ masjidlarida tarovih namozlari o‘qilmoqda.
Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy masjidida ham tarovih namozlari o‘qilishi boshlanib, jome’ masjid ichki va tashqi atroflarida o‘n minglab namozxonlar to‘planishdi.
Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy haqida:
Tarixdan ma’lumki, G‘ijduvon tumani – yetti pirning muborak manzillaridan biri. Bu yerda Xo‘jagon tariqatiga hissa qo‘shgan alloma, buyuk mutasavvuf olim, sohibkaromat avliyo Xo‘ja Abduholiq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy qabri qo‘nim topgan. Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy (1103- G‘ijduvon — 1179) — xojagon tasavvufiy tariqatining asoschisi va nazariyotchilaridan biri bo‘lgan. Uning tarjimai holiga noma’lum muallif tomonidan yozilgan «Zikri voqioti Xo‘jaiy Jahon Abdulxoliq G‘ijduvoniy» asarida keltirilishcha, Abdulxoliq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy 9 yoshida Qur’onni yod olgan. 10 yoshidan boshlab, darveshlarning zikrlarida faol ishtirok etgan. Buxorolik ilk ustozi Imom Sadriddindan tafsir ilmini o‘rgangan. 22 yoshida Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid bo‘lgan. U butun hayoti davomida tasavvuf va sufiylik madaniyatiga bag‘ishlab 5 ta asar yozgan.
Bo‘zchilikdan pirlikkacha
Tarixiy manbaalarga ko‘ra, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy «Xo‘jai jahon», «Zikr qalb sultoni», «Ikki olam Xo‘jasi», «Qutbi zamon», «Ofoqi zamon» kabi juda ko‘p sifatlar berilgan. Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniy «bo‘z to‘qish» kasbi bilan shug‘ullangan. Xo‘jagon tariqati asosi Qur’on va hadisga tayanib, bid’atu xurofot, soxta piru-muridlikka qarshi qattiq kurashib, tama’ va minnatdan insoniyatni qaytarib halol mehnat orqasidan kun kechirishga Alloh bergan rizqni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishga undab kelgan. Bo‘zchilikdan pirlikkacha bo‘lgan yo‘lni halol mehnat va g‘oyatda qiyinchiliklar bilan bosib o‘tgan.
Sohibqiron Amir Temur Xitoy urushidan qaytganidan so‘ng Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlarining sharaflariga atab madrasa va maqbara qurishni niyat qilgan, ammo niyatini amalga oshirolmagan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, bobosining yonida yurgan nabirasi Mirzo Ulug‘bek bu ezgu niyatni amalga oshirib, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharafiga atab, 1433 yilda madrasa tiklab, G‘ijduvon shahrida kutubxona va toshhammom qurdirib bergan. Buxoro amiri Amr Abdulloxon tomonidan Abdulxoliq G‘ijduvoniyga atab masjid, minora va hovuz barpo etilgan.
Ushbu masjid, minora va hovuz sobiq ittifoq davrida qarovsiz va e’tibordan chetda qolib kelgan.
Yangilangan jome’ masjidi
Mazkur jome’ masjidi bosh imom xatibi Orif Amonovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, masjidda 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmasi asosida hazrat tavalludining 915 yilligi munosabati bilan ziyoratgohda yirik rekonstruksiya ishlarini bajarish loyihalashtirilgan. Masjidda to‘liq rekonstruksiya va yangilanish ishlari boshlangan. G‘ijduvon tumani hokimligi ushbu ziyoratgohda keng ko‘lamli rekonstruksiya, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilgan va hazrat onasining dahmasi topilgan.
Bildirilishicha, sobiq ittifoq davridan boshlab, hozirgacha bo‘lgan davr mobaynida Xo‘ja Abduholiq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy qabri bir necha bor qayta ta’mirlangan. Ulug‘ pir qabri yaqinida onasining ham dahmasi mavjud bo‘lgan. Aniqlanishicha, ona dahmasi ko‘milib, toshlar ostida qolib ketgan.
«Ziyoratgohdagi yirik bunyodkorlik ishlari davomida bu oydinlashdi. Ayni damda ona dahmasini hazrat qabri yoniga keltirilgan va u yerni o‘rab olish ishlari bajarilgan. Bunda pir qabri ustidagi ayvon olib tashlanib, bo‘yi va eni 25 kvadrat metrdan iborat, to‘rt tomoni naqshinkor darvoza bo‘lgan hazira tiklandi», — dedi Orif Amonov.
Qutlug‘ qadamjo atrofida 4 gektarli xiyobon barpo etilgan, sug‘orish tizimi o‘rnatilgan. Ziyoratgohning ichki 2,5 gektar yer maydoni ham obodonlashtirilib, 12 ming kv.metrli aylanma va burchakli yo‘laklarga tosh terilib, ziyoratgohning ort tomoni uzunligi 285 metrli g‘ishtin devor bilan, old hududi esa 440 metr aylanma uzunlikdagi temir panjara bilan o‘rab olingan.
Maqbara oldida esa to‘rt ming kishilik jome’ masjidi ham barpo etilgan. Bundan tashqari, shimol, sharq va janub tomonlaridan kirish darvozalari o‘rnatilgani uning ko‘rkamligini yanada oshirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ziyoratgoh «Toshg‘ozi qurilish» ITQT MChJ bunyodkorlari tomonidan ta’mirlangan. Bunyodkorlik ishlari davomida restavratsiyaga muhtoj holga kelib qolgan Ulug‘bek madrasasi va minorani sayqallashtirish borasida ham jadal ishlar olib borilgan. Shuningdek, 50 o‘rinli oshxona, tahoratxona hamda kushxonalar yangidan qurib bitkazilgan.
Aytishlaricha, Abdulxoliq G‘ijduvoniy qabri Buxoro xoni Abdulazizxon davrida hazira bilan o‘rab olingan bo‘lgan. Biroq, bu devorlar o‘tgan asrning 70-yillarida buzib tashlangan. Buxorodagi yetti pir ziyoratgohi kuzatiladigan bo‘lsa, barchasi shunday devorlar bilan o‘rab olingan. Faqatgina Abdulxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi ochiq bo‘lgan.
Xo‘ja Abduholiq ibn Abduljamil G‘ijduvoniy ziyoratgohidagi bunyodkorlik ishlari 2019 yilning mart oyida go‘zal va betakror ko‘rinishda ziyoratchilar va namozxonlar uchun foydalanishga topshirilgan.
«Ramazonning yana yurtimizga kirib kelishi qalblarga shukuh bag‘ishladi. Allohga shukrkim, bugun Buxoroda jome’ masjidlari soni 107 tani tashkil etadi. Eng yirik va katta sig‘imga ega 20 dan ortiq jome’ masjidlarimiz bor. Muborak Ramazon munosabati bilan kecha 101 ta jome’ masjidida tarovih namozlari o‘qildi. Oltitasida ta’mirlash-sozlash ishlari olib borilmoqda. Sharif o‘lkamizda yangidan qurilayotgan masjidlar soni oshib borayotganidan ham mamnunmiz. Jumladan, Qorako‘l tumanida «Qubri ota» jome’ masjidi, Vobkentda «Kumushkent», Buxoro shahrida «Xiyobon», Kogon tumanida «Alisher Navoiy», Romitan tumanida «Mullo Narzi», «Eshoni pir», Jondorda «Usto Farhod», «Abdujalil Turkistoniy», G‘ijduvon tumanida «Freshkent», Shofirkonda «Xo‘ja Badarg‘a» nomli jome’ masjidlar to‘liq yangidan bunyod etilayapti. Shukrona kunlar barchaga muborak bo‘lsin!» — dedi Buxoro viloyati bosh imomi Jobir Elov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter