Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tuyaqush boqing! Xarajati kam, daromadi mo‘l

Tuyaqush boqing! Xarajati kam, daromadi mo‘l

Bugun yurtdoshlarimiz orasida tadbirkorlikka, ayniqsa, qishloq xo‘jaligidagi ba’zi sohalarga qiziqish ancha yuqori. Qizig‘i, bu sohalarning serdaromad ekanligini hali ko‘pchilik bilmaydi. Misol tariqasida tuyaqushchilikni olaylik. Xarajati qushdek, daromadi tuyadek bo‘lgan bu sohaga bugun butun dunyo qiziqayapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Toshkent viloyati Qibray tumanida tuyaqushchilik bilan shug‘ullanayotgan ishbilarmon borligini eshitib, shu yoqqa yo‘l oldik. Temir to‘siq bilan o‘ralgan maydondagi bahaybat tuyaqushlarga yaqinlashar ekanmiz, ularning ozuqasi ham o‘ziga yarasha bo‘lsa kerak degan gap o‘tdi xayolimizdan. Ammo «Hayitboyev Saydulla» fermer xo‘jaligi raisi Murodilla Husanov bilan suhbatimizda bu fikrimiz noto‘g‘riligini bildik.

— Murodilla aka, tadbirkorlikning nega aynan shu turiga qiziqib qoldingiz va bu faoliyatni qachondan boshlagansiz?

Men bu sohaga internet orqali ma’lumotlarga ega bo‘lib, qiziqib qoldim va Rossiyadan 2015 yili 24 dona tuyaqush olib kelib, ish boshladim. Hozir tuyaqushlarimiz soni 200 dan oshdi. Tuyaqush juda tez ko‘payadi va kasalliklarga o‘ta chidamli, immuniteti yuqori. Jonivorlar ichida o‘zining to‘yganini biladigan yagona jonzot tuyaqushdir. Uning ko‘rinishi bahaybat bo‘lgani bilan kunlik ozuqasi ikki kiloga teng. Jo‘jalari 200 grammdan ozuqa yeydi.

2015 yilda O‘zbekistonga bu soha endi rivojlanayotgan edi. O‘zimizdan Rossiyaga vakil jo‘natdik va u ish o‘rganib keldi. Albatta, bizdagi tuyaqushlarni Rossiyaniki bilan bir xil boqib bo‘lmaydi. Ularning iqlimi biznikidan farq qiladi. Afzalligi shuki, ular bizning iqlimga juda mos, tuyaqushlar bizda juda tez o‘sadi. Minus 20 darajadan plyus 70 darajagacha bo‘lgan sharoitda bemalol o‘sib-ulg‘ayadi. Faqat ustidan yomg‘ir va qor o‘tmasa bo‘ldi, sovuqqa ham, issiqqa ham juda chidamli.

— Tuyaqush go‘shti va tuxumining foydali jihatlari nimada, terisi va patlaridan ham foydalansa bo‘ladimi?

Tuyaqush tuxumi va go‘shtining foydali jihatlari juda ko‘p. Tuxumida xolesterin umuman yo‘q. Qand kasali va qon bosimi bor bemorlar ham uning tuxumidan bemalol iste’mol qilishlari mumkin. Tuyaqush tuxumining bittasi tovuqning 35-40 tacha tuxumiga to‘g‘ri keladi. Qandolatchilikda ham tovuqning tuxumidan ko‘ra tuyaqushniki yaxshi ko‘pchiganligi bois unga talab katta. Go‘shti ham foydali. Terisi dunyo bo‘yicha timsohning terisidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Uning terisidan asosan oyoqkiyim, ayollar sumkasi ishlab chiqariladi. Hozir shunday loyihalarni yo‘lga qo‘yish arafasida turibmiz. 2019 yildan boshlab tuyaqush terisidan o‘zimizda oyoqkiyim, ayollar sumkasi va kostyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Tuyaqushning yana bir afzalliklaridan biri — uning hech bir a’zosi chiqitga chiqmaydi. Masalan, kipriklaridan ayollar uchun ulama kipriklar tayyorlanadi. Patlari sovuqni ham, issiqni ham o‘tkazmaganligi bois ulardan qishki ust-boshlar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ichidan chiqadigan moyidan tibbiyotda foydalaniladi. Tuxumining po‘chog‘i esa tabiiy kalsiy hisoblanadi, bundan tashqari, undan har xil suvenirlar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Tirnoqlari esa olmosga ishlov berishda ishlatiladi.

Yetishtirilgan mahsulotlarni qayerga topshirasizlar?

— Tuyaqushlarning go‘shti, terisi va tuxumini yetishtirib berish bo‘yicha Rossiya bilan shartnoma tuzganmiz. Tuyaqushchilik bizda endi-endi rivojlanayapti. Lekin dunyo bo‘yicha bu sohaga qiziqish yuqori. Xitoy tuyaqushchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Lekin bizda yetishtirilgan tuyaqushlarning go‘shti, terisi va tuxumiga talab katta. Sababi ularga beriladigan ozuqalarning quyosh energiyasiga to‘yinganligida.

— Tuyaqushlarning ko‘payish jarayoni qanday kechadi?

— Tuyaqushlarning oilasi bitta xo‘roz (nar) va ikkita tovuq(moda)dan iborat. Har bitta tovug‘imiz bir mavsumda 50-60 tagacha tuxum qo‘yadi. Biz asosan inkubator orqali jo‘ja ochtiramiz. Sababi tabiiy holatda o‘zi ochib chiqadigan bo‘lsa 11 tagacha tuxum qo‘ygach, keyin tuxumni bosishga kirishadi va natijada tovuqlari tuxumdan chiqib ketadi. Biz esa 50-60 ta tuxum qo‘ygach, inkubatorga qo‘yamiz va jo‘ja ochtiramiz. Inkubatorga qo‘yilgan tuxumlarning hammasi ham ochib chiqavermaydi. Agar tuxumlarning birortasida embrion yo‘q bo‘lsa, u jo‘ja ochmaydi. Shu bois biz oldin maxsus asboblar orqali tuxum ichida embrion bor-yo‘qligini aniqlab, so‘ng inkubatorga qo‘yamiz. Embrioni yo‘q tuxumlar ham chiqitga chiqmaydi. Bu tuxumlar qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishda ishlatiladi yoki iste’mol qilinadi.

— Biz uchun tuyaqushchilik notanish soha bo‘lgani uchun ko‘pchilik tadbirkorlikning bu turi bilan shug‘ullanish juda qiyin bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. Aslida ham shundaymi?

 — Hozirgi kunda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun ko‘pgina imkoniyatlar yaratilgan. Faqat insonning o‘zida harakat bo‘lsa bas. Ba’zilar tadbirkorlik qilishga mablag‘ yo‘q deydi. Axir mablag‘ topish qiyin emas, hamma banklardan kredit berilayapti. Ayniqsa, tuyaqushchilik bilan shug‘ullanish uchun joy masalasi muammo deyishadi. Ammo bunday emas. Tuyaqushlarni boqish uchun ko‘p joy ketmaydi. Mana qishloqlarga chiqsangiz bo‘sh yotgan joylar juda ko‘p. Tuyaqushchilik bilan shug‘ullanish uchun o‘n sotix joy bo‘lsa bo‘ldi. Atrofini metall to‘siqlar bilan ham o‘rash shart emas. Oddiy tol novdalaridan foydalansa ham bo‘ladi. O‘n sotix joyda ikkita oilasini boqish mumkin. Qoramol bilan solishtirganda bu ancha oson. Tuxumga kirayotgan paytda yemini bersa bo‘ldi. Yemi ham jo‘xori, bug‘doy kabi mahsulotlardan iborat. Tuyaqushlar asosan ko‘k o‘tlar bilan oziqlanadi. Katta bo‘lib tuxumga kiradigan paytda yemini biroz kuchaytirishga to‘g‘ri keladi.

 — Tuyaqushchilik bilan shug‘ullanishga qiziqayotganlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Kimdir tuyaqushchilik bilan shug‘ullanishni o‘rganmoqchi bo‘lsa biz bajonidil yordam beramiz. Ko‘paytirish yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rgatamiz. Ba’zilar tuyaqushchilik bilan shug‘ullangach uni realizatsiya qilishdan cho‘chiydi. Ammo bu tomondan ham cho‘chimaslik kerak. Qancha mahsulot bo‘lsa biz o‘zimiz qabul qilib olishga tayyormiz. Kelishsin, birovning bitta, boshqa birovning o‘nta tuyaqush oilasini boqishga imkoniyati bordir.

— Go‘shti, tuxumi, terisi va patlarini yetkazib berish bo‘yicha boshqa davlatlar bilan ham shartnomalar tuzayapsizlarmi?

— Albatta, bugungi kunda Yaponiya bilan shartnoma tuzayapmiz. Rossiya bilan ham shartnomamiz bor. Aslida bizning maqsadimiz boshqa davlatlar uchun xomashyo yetkazib berish emas, balki tuyaqush terisi va patlaridan bo‘lgan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va chet davlatlarga eksport qilishdir. Kelajakda niyatlarimiz tuyaqushchilikni yanada rivojlantirish. Yaqinda bizga Qibray tumani hokimiyati 45 gektar yer, tuyaqushlarning yem-xashagi va ozuqasini yetkazib berishga ham joy ajratishdi. Endi ishimizni yanada rivojlantiramiz.

Gulruh Yormatova suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring