Xolis va haqqoniy axborot noo‘rin xulosalarga o‘rin qoldirmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi «Pensiya va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan pensiya va nafaqalar Xalq banki tomonidan aholiga naqd pul ko‘rinishida, har oyning 27-sanasigacha tarqatilishi qat’iy belgilangan.
O‘tgan davrda ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq bankining barcha hududiy va tuman (shahar) filiallarida pensiya va nafaqa to‘lovlari bo‘limi tashkil etildi. Shuningdek, 2 000 ta sayyor kassa, 4 000 nafar kassir va buxgalter nazoratchi shtat birliklari ochilib, xodimlar ishga qabul qilindi.
Pensionerlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Xalq banki Boshqaruvi tomonidan sayyor kassalarida 2000 ta planshet uskunasi sotib olinib, hududlarga yetkazib berildi. Har bir mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida bank tomonidan maxsus stendlar tayyorlanib, fuqarolar uchun qulay joylarga joylashtirildi. Shu bilan birga har bir bank filialida ishonch telefonlari ham ishlab turibdi.
Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, ayrim noholis manbalar tomonidan Xalq bankining joylardagi aholiga nafaqa va pensiya tarqatuvchi xodimlari faoliyatini noto‘g‘ri talqin qilinish holatlari ham uchramoqda.
Misol uchun kuni kecha, ya’ni 2018-yil 23-may kuni «Centre1.com» saytida Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi 64 yoshli fuqaro Tatyana Vyazmina pensiyasini vaqtida ololmay sarson bo‘layotgani bayon qilindi.
Voholanki, ushbu holatni o‘rganganimizda xabarda ko‘rsatilgan vajlar o‘z isbotini topmadi. Ya’ni Sergeli tuman hokimi tasdiqlagan reja-grafikka asosan, T.Vyazmina istiqomat qiluvchi «Ittifoq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi pensiyanerlarga har oyning 18-25 sanasi oralig‘ida pensiya va nafaqa qat’iy tartib asosida tarqatib kelingan.
Qonunchilikda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, mustaqil harakatlanish va tegishli to‘lovlarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga pul mablag‘lari bevosita ularning yashash joyiga yetkazib berilishi belgilangan. Bu borada ham Xalq banki xodimlari fuqaro T.Vyazminaning sog‘ligini inobatga olib, pensiyasini har oyda uning uyiga olib borib berishmoqda. Buni uning o‘zi ham, tegishli hujjatlar ham tasdiqlab turibdi.
Aytib o‘tish lozimki, bu kabi aholini chalg‘ituvchi, noxolis axborotlar boshqa saytlarda ham uchramoqda. Xususan, o‘tgan oyda «Ozodlik» radiosining saytida «Sizdan telegram» ruknida «Nafaqa puli uchun kunlab navbatda turganlarning tobi qochdi» nomli xabar tarqatildi. Unda «Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba va Mirzo Ulug‘bek mahallalarida yashovchi aholi nafaqa pulini olaman, deya 2-3 kun navbatda turib, sarson bo‘lmoqda. Ko‘pchilik (ular orasida nogironlar ham bor) kuta-kuta quruq qo‘l bilan uyiga qaytmoqda. Ayrimlarning esa navbatda turib tobi qochmoqda. Oddiy xalqni qiynayotgan muammo hal etilib, nafaqa pulini aholiga tez va soz yetkazishlarini so‘raymiz" degan ma’lumot hamda fotosurat berilgan edi.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida o‘rganilganda hududda Payshanba nomli mahalla mavjud emasligi, Mirzo Urug‘bek mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘yicha shikoyatli holat yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Aksincha, hududdagi aholi pensiyalarini o‘z vaqtida olishayotgani va bank xodimlaridan minnatdor ekanliklarini bayon qilishdi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Xalq banki tomonidan aholiga pensiya va nafaqani o‘z vaqtida, ishonchli yetkazib berish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizimning shaffof ishlashini ta’minlash maqsadida Xalq bankida qisqa raqamli «11 06» va har bir hudud bo‘yicha alohida ishonch telefonlari joriy qilingan bo‘lib, fuqarolarimiz ushbu raqamlarga ish kunlari o‘zlarini qiziqtirgan har qanday masala bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin.
Biz esa ayrim axborot tarqatuvchilardan xolis va haqqoniy ma’lumot berishlarini so‘rab qolamiz.
Bank axborot xizmati
Reklama huquqi asosida
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter