Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya xatarli og‘uga qarshi kurash uchun Markaziy Osiyoga 4,1 million dollar ko‘mak ajratmoqda

Yaponiya xatarli og‘uga qarshi kurash uchun Markaziy Osiyoga 4,1 million dollar ko‘mak ajratmoqda

Elchi Yo.Fujiyama hamda BMT tuzilmasi vakili A.Mittal.

Foto: Yaponiya elchixonasi

17 fevral kuni Toshkentda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama hamda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal umumiy qiymati 471 million iyenaga (taxminan 4,1 million dollar) teng almashuv notasini imzoladi.

«Markaziy Osiyo chegaraviy hamkorlik idoralari faoliyatini kuchaytirish orqali mintaqada transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish» loyihasi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmanistonga narkotrafikka qarshi kurash maqsadida zamonaviy uskunalar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, loyiha doirasida giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha mintaqa davlatlari mutaxassislarining malakasi oshiriladi.

«Markaziy Osiyo opium va geroin uchun xomashyo hisoblangan ko‘knori ishlab chiqaradigan dunyodagi eng yirik davlat – Afg‘oniston bilan chegaradoshdir. Mintaqa Afg‘oniston bilan bog‘liq bo‘lgan giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga marshrut o‘laroq xizmat qiladi» – deyiladi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi xabarida.

Qayd etilishicha, Afg‘onistondan noqonuniy yo‘llar bilan giyohvandlik moddalarini sotish xavfi saqlanib qolmoqda. Bu esa mintaqa mamlakatlarining chegara nazoratini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. 

Yaponiya hukumatining beg‘araz yordami asosida amalga tatbiq etiladigan loyiha chegara nazoratini mustahkamlash, narkotiklarga qarshi kurash va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Pirovard maqsad esa mintaqa barqarorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 1 fevral kuni Yaponiya  elchisi Yoshinori Fujiyama hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi klinikada xizmat sifatini oshirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha Almashuv notasini imzoladi. Loyiha doirasida mazkur tibbiy muassasaga 794 million iyena (7,35 million AQSh dollari) miqdorida tibbiy uskuna va o‘quv materiallari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring