Zo‘ravonlikka uchragan sudya «bodi-kamera»dagi yozuvlar montaj qilinganini aytmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev IIB va Milliy gvardiya xodimlari zo‘ravonligiga uchraganidan xabaringiz bor. Voqelikdan ikki kun o‘tib, Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati voqealar qanday rivojlangani (o‘z talqini bo‘yicha, albatta) aks etgan video e’lon qildi.
Sudya A.Ergashev boshqaruvidagi avtomashinadagi videoregistratori va ichki ishlar organi xodimining «bodi-kamerasi»dagi yozuvlardan foydalanilgani aytilgan IIV videosi turli fikrlar tug‘dirgani bor gap. Jamoatchilikning faol qatlami vakillari IIV taqdim etgan videoga katta shubha bilan qarab, lavhalar montaj qilingan bo‘lishi ehtimoli yuqoriligini bildirishdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda sudya A. Ergashev ham IIV axborot xizmati videolavhasida bodi-kameradagi yozuvlar montaj qilinganini aytdi. Biroq voqelik bo‘yicha «chuqurlashish» ni xohlamadi. Buni holat yuzasidan olib borilayotgan tekshiruvga ta’sir o‘tkazishi mumkinligi bilan izohlagan A.Ergashev ular (holatni o‘rganayotgan vakolatli shaxslar) «...o‘z kasblarining haqiqiy professionallari ekani», «...montaj va haqiqiy yozuvning farqiga borishlariga» ishonishi va masala adolatli va xolisona hal qilinadi, deb umid qilayotganini ham bildirgan.
Voqelik bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter