Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bemorlar ko‘zida chirish kuzatilmoqda» — Shifokor koronavirusdan keyin ko‘z kasalliklari ortib ketganini aytdi (video)

«Bemorlar ko‘zida chirish kuzatilmoqda» — Shifokor koronavirusdan keyin ko‘z kasalliklari ortib ketganini aytdi (video)

So‘ngi bir yilda koronavirusga chalingan bemorlar davolanib chiqqanidan so‘ng virusning asoratlari ko‘zning xiralashishiga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda. Bu haqda «Ko‘z nuri» klinikasi oftalmologi Hikmatullo Sodiqov YouTube’dagi «Shifobaxsh» kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Shifokorning ta’kidlashicha, bemorlarning qariyb 70 foizi uzoqni ko‘rish xiraligi, kechqurun qorong‘ida ko‘rishning pasayishi bilan shikoyat qilmoqda.

«Bunday bemorlarning ko‘zi tekshiruvdan o‘tkazilganda shilliq qavatida qizarishlar, ko‘zning old kamerasida, gavharida, shishasimon tanasida va to‘r pardasida virus asoratlari tufayli salbiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda», – deydi oftalmolog.

Ta’kidlanishicha, virusli kasalliklarni davolashda bemor qonida antitanachalar aniqlansa, ko‘z holati yaxshi bo‘lsa, mahalliy davolash usullari qo‘llaniladi.

«Agar infeksiya ko‘zning orqa tomoniga o‘tgan bo‘lsa, ko‘pincha qayta tiklanmas nerv qurishi kuzatiladi. Ko‘zni ichki tomoni yaxshi bo‘lishidan qat’i nazar, bemor yaxshi ko‘rmaydi. Ko‘pincha infeksiya ko‘zning ichki qismiga tarqab ketadi va oqibatda ko‘zni olib tashlashga to‘g‘ri keladi. Ko‘zni olib tashlab, o‘rniga sun’iy ko‘z qo‘yiladi. Afsuski, ba’zi holatlarda sun’iy ko‘z qo‘yib ham bo‘lmaydi. Sababi virus ta’sirida ko‘zning shilliq qavati, suyak to‘qimalari nikrozga uchrab, chirib ketgan bo‘ladi.

Virusli kasalliklar bilan bunday og‘ir holatlar avval kam uchrar edi. Hozirgi kunda bizni klinikaga haftasiga bitta shunday kasallikka chalingan bemor kelmoqda. Odatda bemorlardan ko‘z xiralashishi nimadan boshlangani so‘ralganda «Avval ko‘rishim zo‘r bo‘lgan, koronavirus kasalligidan keyin hafta, oy o‘tgandan keyin ko‘rishim xiralashganini seza boshladim», deb javob beradi. Bemor bunday dardga chalinganda birinchi galda ko‘zda achishish, yoshlanish va ko‘zning sekin-sekin xiralashishini sezadi. Kuzatishlarimga ko‘ra, koronavirusga chalingan bemorlarning 10-20 tasidan bitta holatda shunday ko‘z kasallik uchramoqda.

Boshqa virusli kasalliklardan farqli ravishda COVID-19 da infeksiya tez rivojlanadi. Masalan, ko‘z tomografiyadan o‘tkazilganda ko‘zning yonbosh qismlari, burun yonbosh bo‘shliqlarida, sinuslarda infeksiya ko‘payib ketadi, ya’ni tromb tiqilib, ko‘z yon bo‘shliqlari zararlanadi. Boshqa virusli kasalliklarda ko‘zning orqa va yon tomoni zararlanishi kam kuzatiladi, ko‘zning bitta qismi zararlanadi xolos», — deydi Hikmatullo Sodiqov.

Shifokorning ogohlantirishicha, har bir koronavirusga chalingan bemor 6 oyda bir marotaba ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tib turishi kerak. Ba’zan virus bitta ko‘zga o‘zgarish berib, bittasiga esa ta’sir qilmagan bo‘lishi mumkin. Shundan juda ehtiyot bo‘lish kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring