Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya koronavirusning ikkinchi emas, uchinchi va to‘rtinchi to‘lqinlaridan xavotirda

Britaniya koronavirusning ikkinchi emas, uchinchi va to‘rtinchi to‘lqinlaridan xavotirda

Foto: «1k.com.ua»

Buyuk Britaniyada aholi soni ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Birmingem shahridagi shifokor mamlakatda yangi koronavirus infeksiyasining to‘rtta to‘lqini kuzatilishini taxmin qilmoqda. Uning so‘zlarini «Birmingham Live» nashri chop etdi.

Shahardagi yetakchi shifokorlardan biri Shabi Ahmad Buyuk Britaniya aholisi «virus bilan birga yashashni o‘rganishiga» to‘g‘ri kelishini, negaki, unga qarshi vaksina hali yaratilmaganini aytib o‘tgan.

Hukumat COVID-19 ning birinchi to‘lqini tugashiga yaqin qolayotganini e’lon qilgan bir paytda doktor bunga qo‘shilmaydi.

«Hali ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi to‘lqinlar bo‘ladi. Virus shunchaki ketmaydi. U turli yo‘llar bilan tarqalishda davom etaveradi. Biz shunchaki undan himoyalanishni o‘rganib olishimiz kerak», — dedi Ahmad.

Uning ta’kidlashicha, koronavirusni yuqtirgan va boshqalarga qaraganda og‘irroq o‘tkazgan bemorlarning aksariyati qora tanli, osiyolik yoki etnik ozchilikni tashkil etadi. Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 tufayli vafot etgan 40 ta shifokordan 38 nafari Afrika va Osiyo millatiga yoki etnik ozchilikka kiradi. Shuningdek, vafot etgan tibbiyot xodimlari, ijtimoiy himoya xodimlari va qariyalar uyi xodimlarining 80 foizi ham ularga tegishli.

Mamlakat aholisi allaqachon ko‘chaga chiqishi va jamoat joylariga borishi mumkin, lekin ijtimoiy masofani saqlashi zarur, dedi doktor.

Ahmad jiddiy kasalligi bo‘la turib, yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib qo‘yishdan qo‘rqib, shifokorga borishni paysalga solib yurgan bemorlardan ko‘proq xavotirda. Shifokor onkologik va boshqa og‘ir kasalligi bo‘lgan bemorlarni tibbiyot xodimlariga murojaat qilishga chaqirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 5-iyul holatiga ko‘ra dunyoda 11,4 million kishida yangi koronavirus infeksiyasi qayd etildi. COVID-19 tufayli 534,2 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi, 6,5 million bemor tuzaldi. Buyuk Britaniyada 284,9 ming kishi kasallikka chalingan bo‘lib, ulardan 44,2 ming nafari vafot etdi.

Yangi koronavirus infeksiyasi bemorning og‘zi yoki burnidan ajralib, atrofdagi buyumlarga o‘rnashib qoladigan mayda tomchilar orqali yuqadi. JSST boshqa odamlardan bir metrdan ortiq masofa saqlashni, qo‘llarni tez-tez yuvishni yoki zararsizlantirishni, og‘iz, burun va ko‘zlarni ushlamaslikni tavsiya etadi. Odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda va jamoat transportida niqobdan foydalanish zarur.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring