Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimlar koronavirusning tez yo‘qolib ketishidan xavotirda...

Olimlar koronavirusning tez yo‘qolib ketishidan xavotirda...

Foto: «Pixabay»

Britaniyalik tadqiqotchilar infeksiyalar soni qisqarib ketishi koronavirusga qarshi vaksina tayyorlash ishlarini mushkullashtirib yuborishidan xavotirlanishmoqda. Bu haqda «Fox News» xabar berdi.

Oksforddagi Edvard Jenner vaksinalarni tadqiq qilish instituti vaksinalarni odamlarda sinashning ikkinchi bosqichiga kirishdi. Xabarlarga ko‘ra, vaksina muvaffaqiyatli chiqsa, sentyabr oyida 30 million insonga yetkazib berilishi mumkin. Biroq tadqiqotda qatnashgan olimlar dastlabki prognozlar unchalik ham yaxshimas deyishmoqda.

Ular koronavirus o‘z-o‘zidan juda tez yo‘qolib ketishidan xavotirdalar, shunday bo‘lgan taqdirda tadqiqotchilar kerakli natijalarni olishga ulgurmay qolishadi.

«Bu chinakam poyga. Boshqa olimlar bilan emas, virusning yo‘qolib ketishi va vaqtga qarshi poyga. Ayni paytda hech qanday natija olmasligimiz ehtimoli 50/50 bo‘lib turibdi. G‘alati vaziyatdamiz, COVID-19 ozgina vaqtga bo‘lsa ham saqlanib turishini istaymiz», — dedi professor Hill.

Oksford universiteti tibbiyot professori Jon Bell ham hamkasbining fikriga qo‘shilgan holda vaksinaning tez ishlab chiqilishi koronavirusning mavjudligiga bevosita bog‘liqligini ta’kidladi.

Universitet mamlakatda koronavirus cho‘qqiga chiqqan palla — aprel oyida 1000 nafar ko‘ngilli bilan o‘tkazilgan birinchi tadqiqot natijalarini iyun oyi boshida ma’lum qiladi.

Professor Hill bu natijalardan boshqa mamlakatlar ham o‘z fuqarolarini himoyalashda ishlatishsa boshi osmonga yetishini bildirib, yana bir bor takrorladi: vaksina ishlab chiqish — tadqiqotchilar o‘rtasidagi kimo‘zarga poyga emas.

«Agarda boshqa kimdir milliard doza ishlab chiqarishni uddalasa, ziyofati bizdan», — ta’kidladi Hill.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda koronavirusga qarshi vaksinalardan 10 xili odamlarda sinalyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring