Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yana bir bor xalqimizga murojaat qildi

Shavkat Mirziyoyev yana bir bor xalqimizga murojaat qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Muhokamalarga o‘tishdan oldin davlatimiz rahbari yana bir bor xalqimizga murojaat qildi va, jumladan, shunday dedi:

– Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

Yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 221 taga yetdi. Ming afsuski, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bemorlardan 2 nafari vafot etdi. Ularning oila a’zolari va yaqinlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur ta’ziya bildirib, sabr-toqat va bardamlik tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi.

Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu ishlar yana davom ettirilmoqda.

Diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, o‘z tajribalari bilan bemorlarni davolashda qatnashmoqda. Yaqin kunlarda bir guruh xitoylik mutaxassislar ham yetib kelishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda bo‘lib, kundalik tajriba almashmoqda.

Ta’kidlash kerakki, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, o‘z natijasini bermoqda. Kasallikka chalinganlarning 25 nafari to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat ko‘rsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunib, bizni faol qo‘llab-quvvatlayotgan xalqimizga, aziz yurtdoshlarimga rahmat aytaman.

Shu bilan birga, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan aytish kerak.

Hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlandi, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan. Karantin vaqtida ayrim mas’uliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma’qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz.

Ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil bo‘lmoqda.

Jumladan, aholisi zich, qo‘shnilari bilan savdo aloqalari o‘ta rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalashiga yo‘l qo‘ymadi.

Mutaxassislar «yapon fenomeni»ni ulardagi o‘ziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qo‘lni yuvish, to‘la yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslamoqdalar.

Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashish, uyga mehmon kelganda qo‘lga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish kabi urflarimizni yanada mustahkamlashni taqozo etadi.

Shuningdek, jamoat joylarida, mahalla va xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini muntazam davom ettirish lozim. Barcha korxona va tashkilotlar har haftada o‘z xodimlarini tizimli ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turishi zarur.

Hurmatli do‘stlar!

Har qanday qiyinchilikka qaramasdan, o‘z xizmat burchini vijdonan bajarayotgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz fidoyiligini yuksak qadrlaymiz.

Aholi o‘rtasida vahima va sarosima gaplar tarqalishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Nuroniy otalarimiz, munis onalarimiz o‘z jonkuyarligi, sabr-bardoshi, ezgu duolari bilan barchaga ibrat bo‘ladilar, deb ishonaman.

Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang.

Qadrli yurtdoshlar!

Mana, bahorning issiq kunlari ham boshlandi. Mavjud qiyinchilikka qaramasdan, hayot davom etmoqda.

Fermer va dehqonlarimiz, tadbirkorlarimiz oldida o‘ta muhim vazifalar turibdi.

Albatta, har birimiz kundalik yumushlarimizni xavfsizlik va sanitariya qoidalariga to‘la amal qilgan holda davom ettirishimiz zarur. Chunki bugun yo‘qotgan imkoniyatlarimizni ertaga tiklash qiyin bo‘ladi, vaqtni esa orqaga qaytarib bo‘lmaydi.

Pandemiyani to‘xtatish uchun butun dunyo xalqlari qatori biz ham jiddiy izlanishdamiz. Odamlarimiz daromadlari kamayib ketmasligi uchun, korxonalarimiz barqaror ishlashi uchun barcha rejalarni ko‘rayapmiz.

19 mart kuni pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qilgan edim. Hukumat va mahalliy hokimliklar joylarda bu chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlamoqda.

Men bugun mana shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash uchun yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, budjetdan katta xarajatlarni talab etmasin, qo‘shimcha choralarni ko‘rishga qaror qildim.

Ushbu farmonga ko‘ra:

Birinchidan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat ko‘rsatayotgan mingdan ortiq sub’yektlar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi.

Uchinchidan, tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub’yektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

To‘rtinchidan, joriy yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

Beshinchidan, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yordam berish ko‘lami yanada kengaytiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo‘lganda uning 8 foizini jamg‘arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi. 

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion so‘mlik kreditlari foizini qoplashga jamg‘armadan qo‘shimcha 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jamg‘arma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi bo‘yicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamg‘arma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshiriladi.

Oltinchidan, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.

Shuningdek, bugun qishloqlarda ko‘p ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham alohida qarorga imzo chekdim. Ularning 2019 yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1 oktyabrgacha uzaytiriladi.

Yettinchidan, aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar belgilanmoqda.

Jumladan, shu yil yakuniga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste’mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmaydi.

Shuningdek, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

Bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam ta’minlangan oilalarni qamrab olamiz (hozirda 600 mingta).

Karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi.

Sakkizinchidan, karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini yanada qo‘llab-quvvatlaymiz.

Misol uchun, mamlakatimizda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga o‘tgan yili 50 million dollar mablag‘ ajratildi, 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorladi.

Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir.

Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlashga, albatta, munosib hissa qo‘shadi.

Tadbirkorlar, hunarmand va fermerlarimiz, korxonalar rahbarlari berilgan bu imtiyozlardan samarali foydalanishlari kerak.

Eng asosiysi, joylarda nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarur.

Ushbu mezon asosida viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks idoralari o‘z ish rejalari va ishlash uslublarini qayta tuzib olishlari darkor.

Ya’ni, har bir rahbar korxonalar, tadbirkorlarning muammosiga alohida yondashib, ularni hal qilishda «bevosita boshqaruv» rejimiga o‘tishi kerak.

Aziz vatandoshlar, nuroniy otaxon va munis onaxonlar, qadrli farzandlarim!

Ko‘pga kelgan va jahon ahli aziyat chekayotgan bu qiyin kunlar, albatta, o‘tadi.

Bizning buyuk va tanti xalqimiz ko‘p asrlik tarixida ne-ne balo-qazolarni, urushlar va ocharchiliklarni mardonavor yengib o‘tgan. Bu sinovdan ham munosib o‘tib olishimizga qat’iy ishonaman.

Hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo‘lsak, shifokorlar tavsiyalariga to‘liq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib o‘tamiz!

Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qat’iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas’uliyat ko‘rsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng ta’sirchan qurolimizga aylanishi shart.

Xalqimiz o‘z tarixida qanday og‘ir tabiiy ofatlarni ko‘rgan bo‘lmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, o‘zining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib o‘tgan.

Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qat’iyatiga to‘la ishonaman.

O‘zbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmaydi!

Yaratganning o‘zi xalqimizni va butun insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni o‘z panohida asrasin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring